Nivelirlash

Nivelirlash — geodezik o’lchashning bir turi; yer nuqtalari balandliklari farqi (nisbiy balandligi) aniqlanib, ular orqali ushbu nuqtalarni qabul qilingan boshlang’ich sathdan hisoblanadigan balandliklari topiladi. O’zbekiston hududida bajaariladigan asosiy geodezik-topografik ishlarda nuqtalar balandligini Kronshtadt (Sankt-Peterburg) futshtogining nol chizig’i (shtrixi)ga nisbatan hisoblash qabul qilingan. Nivelirlashni bajarish uslubiga qarab geometrik Nivelirlash, trigonometrik Nivelirlash, fizik (gidrostatik, barometrik va Aero) Nivelirlash va stereofotogrammetrik Nivelirlash turlariga bo’linadi. Geometrik Nivelirlash gorizontal vizir nur, trigonometrik Nivelirlash esa qiya vizir nur yordamida bajariladi. Stereofotogrammetrik Nivelirlash bir joyning ikkita qo’sh aerosuratlarini maxsus optik asbob (masalan, stereoskop)da kuzatib hosil qilinadigan joy relefi modelida o’lchab bajariladi. Geometrik Nivelirlash nisbatan sodda va aniqligi yuqori bo’lib, amalda juda keng qo’llanadi; trigonometrik Nivelirlash esa aniqligi nisbatan past, u tog’li hududlarda qo’llanadi. Katta hududlarning topofafik xaritalarini tuzishda stereofotogrammetrik Nivelirlash asosiy hisoblanadi.