Nodavlat sektori
Nodavlat sektori – milliy iqtisodiyotning davlat tasarrufida bo’lmagan sohalari. Nodavlat sektori G’arb mamlakatlarida privat, ya’ni xususiy sektor deb yuritiladi. O’zbekistonda xususiy korxonalar, qo’shma korxonalar, shirkatlar, kooperativlar, xo’jalik uyushmalari, aktsiyadorlik jamiyatlari, fermer va dehqon xo’jaliklari Nodavlat sektoriga kiritilgan. U xususiy mulkning ustuvorligi bilan ajralib turadi va uning milliy iqtisodiyotdagi hissasi turli mamlakatlarda turlicha. Nodavlat sektori korxonalari, birinchidan, o’zaro bozor aloqalari o’rnatsa, ikkinchidan, davlat sektori bilan bog’lanib, turli resurslar va xizmatlarni sotib oladi. Nodavlat sektori xo’jalikning hamma jabhalarida mavjud bo’lib, savdo-sotiq, xizmat ko’rsatish, qishloq xo’jalik, transport, qurilish, iste’mol buyumlari ishlab chiqarishda yetakchilik qiladi, ammo bazaviy tarmoqlarda uning hissasi nisbatan kichik. Nodavlat sektori iqtisodiyotning erkin, davlat aralashuvidan xoli sohasi sifatida bozor qoidalariga binoan rivojlanadi. Bu yerda ishlab chiqarish strategiyasini bozordagi talab va taklif nisbati belgilab beradi. Nodavlat sektorida daromadlar erkin taqsimlanib o’zlashtiriladi. Nodavlat sektori o’z tovarlarini davlat buyurtmalariga binoan (bozor narxini hisobga olib), davlat sektoriga sotadi, davlat sektoridan esa kerakli tovar va xizmatlarni kelishilgan narxda sotib oladi. Nodavlat sektori erkin bo’lganidan unga iqtisodiy faoliyatni xilma-xilligi xos. Nodavlat sektorining iqtisodiyotdagi hissasi shu sektor korxonalarida jamg’arish yuz berib, daromadlar investisiyaga yo’naltirilishi natijasida i.ch.ning kengayishi va davlat mulkining xususiylashtirilishi tufayli korxonalarning Nodavlat sektoriga o’tishi yo’li bilan o’sadi. Bu hissa 4 ko’rsatkichga binoan aniqlanadi: yalpi ichki mahsulot (YAIM), ishlovchilar soni, kapital mablag’lar va asosiy kapital (fond) miqdori ko’rsatkichlari. Bular orasida asosiysi — Nodavlat sektorining YAIM daga hissasi hisoblanadi. O’zbekiston iqtisodiyotida Nodavlat sektori hissasi 2000 yilda yalpi ichki mahsulotning 70,2% ni, band bo’lganlar sonining 76% ni, korxonalar soni bo’yicha, 87,7% ni tashkil etdi (1995 yilda tegishlicha 67,0, 63,9, 78,3%). Ahmadjon O’lmasov.