Nodir toshlar qanday tosh?

Nodir toshlar odamzotni doimo hayratga solib kelgan. Ko’pming yillar ilgari odamlar ularni har xil xastaliklar va yovuz kuchlardan insonni himoya etuvchi tumorlar tarzida bo’yinlariga taqib yurishgan. Ayrim rangdor toshlar ko’magida uning sohibi kelajakni bashorat qila oladi, deb ishonishgan. Boshqa ba’zi bir toshlar go’yo insonning gunohi bormi yoki quruq shubha ostida yuribdimi, degan muammoni hal qilishga imkon beradi, deb hisoblashgan. O’tmishda nodir toshlar faqat rangdorligiga qarab farq qilingan. Qizil tusdagi barcha xildagi toshlar — la’l toshlar deb hisoblangan. Barcha yashil tusli toshlar — zumrad, ko’m-ko’k jilodagilari esa yoqut deb atalgan. Keyinchalik ayrim toshlar ancha mustahkam uzoq umrli ekanligi ayon bo’ldi. Shuning barobarida nodir toshlarning qiymati ularning rangi, jilosi, kamyobligi bilangina emas, ayni paytda qattiqligi darajasi bilan ham belgilanadigan bo’ldi. Masalan, bugun olmos eng qimmatbaho toshlardan hisoblanadi, chunki olmos o’zining nafisligidan tashqari boshqa toshlarga nisbatan qattiq-chayirligi bilan ham ajralib turadi. Barcha tabiiy rangdor toshlarni nodir toshlar deb hisoblashadi. Biroq, dangalini aytganda, faqat to’rtta eng kamyob toshlarnigina nodir toshlar deb atash mumkin: bular — olmos, la’l, zumrad va yoqut toshlardir. Qolgan kamyob toshlar yarimnodir toshlar sirasiga kiradi: bular — opal, ametist, topaz toshlaridir. Ko’pgina nodir va yarimnodir toshlar o’zaro uzviy bog’lanib ketgan. Olmos, bu eng nodir toshning tuzilishi bag’oyat oddiy: u yolg’iz bitta kimyoviy element — sof ugleroddan vujudga kelgan. La’l va yoqut esa «korund»lar toifasiga mansub. La’l tarkibida biroz miqdorda temir moddali korund mavjud bo’lib, karmin-och qizil tusda bo’ladi. Tarkibida har xil oksidlarning mavjudligi yoqutga ko’kimtir va niliy jilo beradi. Aksariyat tabiiy rangdor toshlar tarkibida «silikatlar»ning ham birikmalari mavjud. Topaz va turmalin granit va jadeit toshlari singari silikatlar oilasiga mansubdir. Ayrim, uncha katta bo’lmagan toshlar esa tarkibi sof kremnezemdan iborat kvartslar turkumiga kiradi. Ametist ham shu guruhdagi toshlardan biridir. Opal — tarkibida 5 — 10 foiz suvi bor kremnezemdir. Darvoqe, opalni sohibiga baxtsizlik keltiradigan toshlardan biri deb hisoblashadi. Hozirgi paytda sun’iy nodir toshlarni yaratish bo’yicha urinishlar bo’layapti. Ularning orasida olmos, la’l va yoqut toshlar ham bor. Bu toshlar soxta emas, aslida ular faqat tabiiy toshlarga juda o’xshab ketadigan laboratoriya sharoitida yaratilgan toshlardir.