Nodirshoh Afshor

Nodirshoh Afshor (1688.22.10, Deregyoz — 1747.20.6, Xabushon) — Eron shoqi (1736-47), qizilboshlilarning Afshor qavmidan bo’lgan. Xurosonda harbiy qo’mondon sifatida o’z faoliyatini boshlagan. 1726 yilda Safaviylar shohi Taxmasp II (hukmronlik davri: 1722— 32)ning harbiy xizmatiga o’tib, mashhaddan afg’onlarni quvib chiqargan. Hirotdagi afg’onlarning Abdal va Xurosondagi turkman qabilalariga qarshi kurashda g’olib kelgan (1729). Eronni bosib olish uchun urush boshlagan Usmonli turk Sultonligiga qarshi samarali kurashi Nodirshohning nufuzini oshirgan (1730-31). Taxmasp II ni taxtdan ag’darib, uning o’g’li Abbos III ni shoh, o’zini esa unga homiy (regent) deb e’lon qilgan (1732). Turklar bilan urush tugagach, Eron shohi bo’lgan (1736). Nodirshoh Safaviylar davlati o’rnida Eronda markazlashgan yirik davlatga asoslangan imperiya tashkil qilgan. Qo’shni davlatlarga qarshi talonchilik yurishlari o’tkazib, Armaniston, Ozarbayjon, Gruziya, Dog’iston, Afg’oniston, Belujiston, O’rta Osiyoning katta qismi, shimoliy Hindistonni bosib olgan. Buxoro xonligiga qarshi uning yurishi dastlab muvaffaqiyatsiz tugaydi. Nodirshohning katta o’g’li Rizoquli Mirza 1200 kishilik lashkari blan Amudaryodan o’tib, Qarshini qamal qilgan. Muxammad Hakimbiy otaliq va Buxoro xoni Abulfayzxon shahar ichida turib dushmanga qarshi kurashganlar. Buxoroliklarning ittifoqchisi Xiva xoni Elbars (hukmronlik davri: 1728-1740) katta qo’shin bilan yetib kelgach, Rizoquli Mirza shoshilinch sulh tuzadi va orqaga qaytadi (1736). Biroq Nodirshohning o’zi katta qo’shinga bosh bo’lgach, Balxni egallab, Buxoro ustiga yurish qilganida uni Muhammad Hakimbiy va o’g’li Muhammad Raxim qo’llab-quvvatlaydi (1740). Buxoro ustidan siyosiy hokimiyat o’rnatilgach, u Xiva xonligiga qarshi yurish qiladi. Xonqani egallash paytida Xiva xoni Elbars o’ldirilgan (1740). Nodirshoh hukmronligiga qarshi Xiva va Buxoroda bir necha marta qo’zg’olonlar ko’tarilgan. Eronda ham ichki nizolar va saroy fitnalari kuchayadi. Nodirshoh Xuroson noibi, o’zining jiyani Aliqulixon tomonidan Mashhadda o’ldirilgan. Aliqulixon o’zini Odilshoh nomi bilan shoqdeb e’lon qilgan. Nodirshohning o’limi bilan Eron davlatining markazlashtirish jarayoni to’xtab qolgan. Ad.: Mirza Abdal’Azim Sami, tarixi salatin-i mangitiyya, M., 1962. Qahramon Rajabov.