Nog’ora

Nog’ora (Arabcha naqqora — zarb beruvchi) — urma musiqa cholg’u asbobi. Tuzilishi turlicha; tuvaksimon kosaxonasi, asosan, sopoldan yasaladi. Kiyik yoki echki (ayrim joylarda boshqa hayvonlar) terisi bilan qoplanadi. Qadimdan harbiy, jarchi hamda ommaviy marosim cholgu asbobi sifatida Sharq mamlakatlarida ma’lum bo’lgan. Hozirda o’zbek, tojik, uyg’ur, arman va boshqa xalq sozandalari tomonidan qo’llaniladi. O’zbekistonda uning do’l Nog’ora (yo’g’on tovushli katta Nog’ora, teri qoplanadigan qismining diametri 60 santimetr), rez Nog’ora (ingichka tovushli kichik Nog’ora, diametrik 20-30 santimetr), ko’s Nog’ora (tovushi rez Nog’oradan yo’g’onroq, diametri 30-40 santimetr) turlari keng tarqalgan. Rez va ko’s Nog’ora ikkita cho’p bilan, do’l Nog’ora nisbatan yo’g’onroq bitta cho’p bilan chalinadi. Xalq musiqa ijrochiligida ko’s va rez Nog’oradan iborat qo’sh Nog’ora qo’llaniladi. Qo’sh Nog’ora tovushlari bir-biridan taxminan kvarta intervalida farq qiladi. Bu esa turli shakldagi bezaklarga boy usullarni ijro etish imkoniyatini yaratadi. Nog’oraning Chindovul (mis yoki boshqa metalldan yasalgan hajmi katta Nog’ora), tablak (kichkina Nog’ora) turlari ham bo’lib, ular kam tarqalgan. Qo’sh Nog’ora surnay va karnaylar bilan qo’shilib an’anaviy milliy ansamblni tashkil etadi. Bunday ansambllar ochiq joylarda o’tkaziladigan tomoshalar, tantanalar, to’y marosimlari jarchisi bo’lib, «Shodiyona», «katta o’yin», uyg’urlarda hayit kechalarida chalinadigan «nog’ora muqom» kabi cholg’u yo’llarini ijro etib kelmoqda.