Nosirxon To’ra Sayd Kamolxon to’ra o’g’li

Nosirxon To’ra Sayd Kamolxon to’ra o’g’li (1871, Namangan — 1938.3.9) — Turkiston muxtoriyati hukumati maorif vaziri (1917— 18), sovet hokimiyatiga qarshi olib borilgan harakat raqbarlaridan biri, yirik ulamo. Buxoroda, Kobul, Dexli, Bag’dod va Hijoz shaharlarida tahsil oldi. Turkistonga qaytgach (1912), Namangan shahar qozisi bo’lgan. 1913 yildan boshlab, jadidchilik harakatida faol qatnashgan. «Shuroy Islomiya» tashkilotining Namangan sho’basi rahbari, Namangan shahar Dumasi a’zosi (1917). Turkiston o’lka musulmonlari favqulodda IV qurultoyi (1917 yil 26-28 noyabr)ni o’tkazishda jonbozlik ko’rsatdi. 1918 yil Fevralda muxtoriyat hukumati bolsheviklar tomonidan ag’darilgach, bir yil mobaynida yashirin hayot kechirgan. U Kosonsoyda «Milliy Ittihod» tashkiloti yacheykasini tashkil qilgan (1919). Sovet rejimi tomonidan qamoqqa olinadi, so’ngra Orenburgga surgun qilinadi (1924-29). Surgundan qaytgach, mavjud tuzumga qarshi faol harakatni davom ettirdi. Qatag’on qilingan Nosirxon qamoqda vafot etadi. «Tarixi Turkiston» (15 bo’limdan iborat), «Orenburg maktublari» esdaligi va boshqa asarlari mavjud.