Nostratik tillar
Nostratik tillar – tillarning taxmin qilingan makro oilasi. Hind-Yevropa, kartvel, Ural, dravid va oltoy tillari oilalarini birlashtiradi. Nostratik tillarning genetik jihatdan qarindoshligi ularda genetik jihatdan teng, o’xshash ko’plab o’zak va affiksal morfemalarning ( 1000 ga yaqin) mavjudligidir. O’zak morfemalar qatlami asosiy lug’at tarkibidagi o’zaklar bo’lib, tana a’zolari, qarindoshlik munosabatlari, asosiy tabiat hodisalari, hayvon va o’simliklar nomlari, oddiy harakat va jarayonlar, asosiy xususiyatlarni (ularning nomlarini) qamrab oladi. Genetik jixatdan umumiy, teng bo’lgan xususiyatlar grammatika va fonetika sohalarida ham kuzatiladi. Nostratik makrooilaga kiruvchi tillar oilalarining eng qadimgi qarindoshligi haqidagi masala ana shu oilalarni qiyosiy-tarixiy o’rganishning ilk davrida yuzaga kelgan. Dastlab til oilalari juft-juft qilib qiyoslangan. Bir juft emas, balki bir qancha (ya’ni Ural-Oltoy, hind-Yevropa, somxom) til oilalarining qarindoshligi haqidagi qoidani birinchi marta daniyalik tilshunos X. Pedersen ta’riflab bergan. Mazkur masalalar bo’yicha fikr- mulohazalar va materiallarni to’plash hamda qad. nostratik tilni, ya’ni bobo-tilni tiklash o’tgan asrning 70-yillarida birinchi marta rus olimi V.M.Illich-Svitich tomonidan amalga oshirilgan.