Noiniy Bokiyayi

Noiniy Bokiyayi (16-asrning 2-yarmi — 17-asr) — O’rta Osiyolik sozanda, shoir va musiqashunos. O’rta Osiyo va Shimoliy Hindistonda yashagan. Kavkabiy Buxoriyning izdoshi. Fors tilida bitilgan she’riy devon, falsafiy risola va «zamzamayi Vaxdat» («mushtarak navolari») musiqa risolasi O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanadi (inv. №10266/11, taxm. 1654). Risola debocha, muqaddima, 6 bob va xulosadan iborat. Unda musulmon Sharq madaniyatida rivoj topgan o’n ikki maqom tizimi (6 ovoza, 24 sho»ba, 48 go’sha) va hind mumtoz musiqa parda tuzilmalari (6 raga, 30 ragini va boshqalar), musiqa janrlari (dubayt, peshrav, kor, amal, shuningdek, Gita, xand, xayal, farsi va boshqalar), maqom va ragalarning mazmun doirasi, ijro etish sharoitlari (muayyan vaqti) masalalari yoritilgan. Mazkur risolada, ayniqsa, muallifning O’rta Osiyo va shimoliy Hindiston mintaqalari musiqa an’analarining o’zaro munosabatlari (yaqinligi) masalasiga e’tibori ahamiyatlidir.