Norin viloyati
Norin viloyati – Qirg’iziston Respublikasi tarkibidagi viloyat. 1970 yil 11 dekabrda tashkil etilgan (1939-62 yillarda Tyan Shan viloyati). Janubi-Sharqda va Janubda Xitoy bilan chegaradosh. Maydoni 47,3 ming km2. Aholisi 259,9 ming kishi (1990-yillar o’rtalari), asosan, qirg’izlar, shuningdek, rus, uzbek, tatar, ukrain va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Shahar aholisi 21%. 6 ma’muriy tuman, 1 shahar, 2 shaqarcha bor. Markazi — Norin shahri. Norin viloyati Ichki Tyanshanda joylashgan. G’arbdan sharqqa balandlasha boradi. Janubi-sharqida Qaqshaltov (eng baland joyi 5982 metr), Janubi-g’arbda Farg’ona tizmasi (4692 metr), shimoli-g’arbda Susa-Mirtovning Sharqiy qismi (4048 metr), Jumg’oltov tizmasi (3947 metr), shimoli-Sharqda Terskay-Olatov tizmasining g’arbiy qismi va Yetim tizmasi cho’zilgan. Viloyatning ichki qismini Jomatov (4718 metr), Otboshi (4786), Norintov, Mo’ldatov tizmalari va boshqalar qisman yassi sirtlar egallagan. Yirik soyliklar va vodiylar: shimolda Qo’chqor, Jumg’ol, markazida Norin, otboshi, Janubda Oqsoy, Chatirko’l, g’arbida To’g’uzto’ro’, ularning tubi 1000-1200 metrdan 3800 metrgacha balandlikda. Iqlimi keskin kontinental. Qishi qattiq sovuq, yozi nisbatan salqin. Yanvarning o’rtacha temperaturasi—10,1° (Qo’chqorda) dan -27,7° gacha (Oqsoy vodiysida). Iyulniki 21° dan (Qazarman) 9° gacha (Oqsoy vodiysi). Norin viloyatida havoning o’rtacha sutkalik temperatura amplitudasi katta. Viloyat hududining ko’p qismida yillik yog’in 200-300 mm. Ayrim vodiylarda qishda deyarli qor yog’maydi. Vegetatsiya davri 130 kun. Eng yirik muzliklar Qaqshaltov tizmasida. Daryolari Norin (70%), Tarim (20%), Chuy havzalariga mansub. Norin daryosining muhim irmoqlari: o’ngda Kichik Norin, Ko’ko’meren; chapda otboshi, olabug’a. Ko’pchilik daryolari muzlik-qor suvlaridan to’yinadi. Daryolari gidroenergiya resurslariga boy. Norin daryosi irmoqlaridan, asosan, sug’orishda foydalaniladi. Chuy Daryosida O’rtato’qay suv ombori qurilgan. Yirik ko’llari: chuchuk suvli So’nko’l va oqmas sho’r suvli Chatirko’l. Tog’-dasht va chalacho’l o’simliklari (tog’ vodiylarida shuvoq va boshoqlilar) o’sadi. Tog’yon bag’irlarining yuqori qismlari subalp va Alp utloqlari bilan qoplangan. Baland tog’ tundrasi, sharqida sovuq baland tog’ cho’li mavjud. Na’matak, zirk, uchqat, vodiylarida terak va qoratol, tog’yon bag’irlarida Tyanshan qoraqarag’ayi, archa o’sadi. Norin viloyatida arxar, tog’echkisi, Bars, suvsar, bo’ri, tulki, kulrang sug’ur yashaydi. Iqtisodiyotida qishloq xo’jaligi asosiy o’rinda. Norin viloyati — chorvachilik rayoni. Respublikadagi qo’ylarning 1/4 qismi, echki, qoramol, yilqi, qo’tos boqiladi. Norin viloyati hududida oltin, toshtuz, qurilish materiallari konlari bor. Qishloq xo’jaligi xom ashyosini qayta ishlash (go’sht kombinatlari, moysir zavodlari, tegirmonlar), keng iste’mol mollari va qurilish materiallari ishlab chiqarish korxonalari, mexanika zavodi (Norinda), «Orgtexnika» pribor zavodi ishlab turibdi. Avtomobil transporti rivojlangan. Asosiy yo’llari: Ribache—Norin—To’rug’art, Norin— Qazarman. Kutubxonalar, teatr, Qirg’iziston chorvachilik va veterinariya ilmiy tadqiqot institutining chorvachilik bo’yicha Tyanshan tajriba stansiyasi joylashgan.