Normat qiziq sulolasi
Normat qiziq sulolasi – qo’qonlik qiziqchilar. 1) Normat qiziq (laqabi Mulla, og’zi katta, 1849 — Qo’qon — 1919) — Zokirjon qiziqchining to’dasida katta qiziqchilardan ta’lim olib, ish boshlagan. Tuda bilan birga Farg’ona vodiysi bo’ylab va Sharqiy Turkistonda tomosha ko’rsatgan. Zokirjon qiziq vafotidan keyin Qo’qonga qaytib o’z to’dasini tuzgan. To’dada uning rahbarligida Ro’zi gov, Ismoil xo’roz, lo’m-lo’m Mamajon (Muhammad Kunduzov), Azim bola, Boymat qiziq, Shomat qiziq kabi kulgu ustalari ijod qilishgan. Normat qiziq ularga ham ustozlik, ham korfarmonlik qilgan. Katta qiziklarning «Hoji kampir», «qalandarlar», «attorlik», «bola o’qitish», «mudarris», «Mamayusuf», «Ketmon tilash», «yog’och polvon» kabi an’anaviy komediyalarini yangi sharoitlarga moslab tiklagan, ijro etgan. U 360 ta qiziqchilik tomoshasini bilgan va bir yil davomida har kuni yangi tomosha ko’rsatish imkoniyatiga ega bo’lgan ekan. 2) Po’latjon qiziq (1907 — Qo’qon — 1960) — Normat qiziqning o’g’li. Otasining va u rahbarlik qilgan qiziqchilar to’dasining tomoshalarini kuzatgan, o’zlashtirgan, otasi uning qiziqchi bo’lishiga monelik qilishiga qaramay nihoyatda iqtidorli qiziqchi bo’lib yetishadi. Hamid og’iz, Komilqori qiziq Qulijonov bilan hamkorlikda qiziqchilik qilgan. 30-yillarda A’zam qiziq to’dasida, urush yillari va keyin aka buxor to’dasida faoliyat ko’rsatgan. «Afg’on tabib», «o’lik sotdi», «Xammol», «bedana o’yini» kabi komediyalarda o’ynagan, hamto’dalari bilan lapar, askiya aytishgan. Toshkentda (1932, 1937), Moskvada (1937) o’tgan dekada va ko’riklarda qatnashgan. «Saodatxon» nomli yangi og’zaki Komediyaning yaratilishi va ijrosida Po’latjon qiziqning xizmati katta. 3) Jo’raxon askiya Po’latov (1934.10.6, Qo’qon)— qiziqchi, askiyachi. Po’latjon qiziqning o’g’li. O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist (1999). Bolaligida otasi va boshqa qiziqchilar ijodini kuzatgan, cholg’ular (dutor, tanbur, rubob, doira) chalishni, ashula aytishni o’rgangan. «Mamayusuf», «to’n o’g’risi», «Saodatxon» kabi komediyalarni ijro etishda qatnashgan. Kulgi san’atida o’z yo’li, o’z uslubini topishga intilib, musiqiy qiziqchilik bilan shug’ullangan; mashhur ashulachilarga muqallidlar yaratgan. Hayotdan olingan kulgili voqealar, antiqa voqea-hodisalar asosida kulgi-hikoya va latifalar to’qib tomoshabinni kuldirib kelgan. Qiziqchilikda Muhiddin qiziq Darveshov bilan tortishgan. Ayniqsa, mustaqillikdan so’ng askiya san’atida katta yutuqlarga erishdi. U Andijonlik Hasanboy Sultonov, marg’ilonlik Mamasiddiq Shirayev, Hoshimjon Hakimov, qo’qonlik Yo’ldoshxon Nosirov, Ne’matjon Toshmatov bilan birga Navro’z va Mustaqillik bayramlari tomoshalarida faol qatnashib kelmoqda. Qiziqchi va askiyachi sifatida so’zning mazmunli, tagdor, o’ynoqi, jozibador bo’lishiga, ravon va dona-dona jaranglashiga intiladi. U shuningdek, Hamza nomidagi Qo’qon musiqali drama teatrining aktyori hamdir. Muhsin Qodirov.