Nur Saidbek

Nur Saidbek (? -1467) – temuriylardan Ulug’bek va Abu Sayd Mirzolarning nufuzli amirlaridan biri. Amir Temur, Shohrux va Ulug’bekning amirlaridan bo’lgan Shohmalikning o’g’li, mashhur tarixchi, «Shayboniynoma» asari muallifi Muhammad Solihnpng otasi. Bilqut qabilasidan. Dastlab, Nur Saidbek Ulug’bek xizmatida bo’lib, uning o’limidan so’ng (1449), boshqa Chig’atoy beklari qatori Padarkush Abdullatifga, so’ngra temuriylarning yangi hukmdori Abu Saidga (1451-60 yillarda hukmronlik qilgan) bo’ysunishdan bosh tortgan. Nur Saidbek Buxoroning Nur qishlog’i yaqinidagi tog’larni maskan tutib, Samarqand va Buxoro atroflariga chopqunlar qilib turgan. Uni murosaga keltirish uchun Abu Sayd bir necha marta o’z vakillarini, jumladan Xoja Ahrorni yuborgan. Biroq Nur Saidbek ularga bo’ysunishdan voz kechgach, Samarqand qo’shinlari uni nurdan quvib yuborgan. Nur Saidbek qisqa fursatdan so’ng Abu Sayd huzuriga bosh egib kelgach, afv qilinib, tumanboshi etib tayinlangan. 1460 yil Nur Saidbek qo’shini Xorazm orqali Xurosonga bostirib kirgan Husayn Boyqaroga qarshi yuborilgan. Biroq Sabzavor yo’lida u Movarounnahrga qaytib, Shohruxiya yaqinida Abu Saidga qarshi isyon ko’targan Muhammad Jo’giy (Ulug’bekning nabirasi) bilan qo’shilgan. Muhammad Jo’giy ko’chmanchilar yordamida Turkiston, Sayram, Toshkent va Shohruxiyani egallab olgan edi. 1462 yilgacha Nur Saidbek uning xizmatida bo’lgan. Abu Sayd faqat Xo’ja Ahrorning yordamidagina Shoxruhiyani egallab (1462 yil 5 oktabr), isyonni bostirgan. Afv etilgan Amir Nur Saidbek Xorazm hokimi (voliysi) etib tayinlangan. Husayn Boyqaro Dashti Qipchokdan Xorazmga bostirib kirganda Nur Saidbek viloyatni mudofaa etishda ko’p xatoliklarga yo’l qo’ygan. Natijada taxtdan tushirilib, Hirotga chaqirtirilgan va qatl etilgan. Muhammad solihning so’ziga ko’ra esa Nur Saidbek birmuncha payt Marvda yashagan va Husayn Boyqaro farmoniga ko’ra shu yerda qatl qilingan. Ad.: Bartold V.V., Sochineniya, t. II (2), M., 1964; Axmedov B. A., Istoriko-geograficheskaya literatura Sredney Azii XIV—XVIII vv. Pismennie Pamyatniki, T., 1985.