Novda

Novda (cormus) — yuksak o’simliklar — daraxt va butalarning asosiy organlaridan biri. Poya, undagi barg va kurtaklardan iborat. Novda Ildiz sistemasi bilan birgalikda qirqquloqlar, qirqbo’g’imlar, plaunlar, ochiq urug’li va yopiq urug’li o’simliklarning tanasini tashkil qilib, novdali o’simliklar (kormofitlar) deb nomlanadi. Bir yillik o’simliklar Novdasi faqat bir mavsum, ko’p yilliklari esa har xil yashaydi va har yili kurtaklardan yangi Novda o’sib chiqadi. Ortotrop (tik o’sadigan) va, ba’zan plagiotrop (yotiq o’sadigan) Novdalar farq qilinadi. Ko’pchilik o’simliklarda Novda yoki uning bir qismi ko’rinishi o’zgarib (metamorfozga uchrab) tikanga (do’lanada), tuganakka (kartoshkada), gajakka (tokda) aylangan.