No’xat

No’xat (Cicer) — dukkaklilar oilasiga mansub bir yillik o’tsimon o’simlik turkumi, dukkakli don ekini. 30 dan ortiq, asosan, ko’p yillik turlari Yevrosiyo, shimoliy va Sharqiy Afrikada uchraydi. Juda qadimdan bir yillik madaniy turi (C.arietinum) Hindiston, Italiya, Ukraina janubi, Zakavkaze, Qozog’iston, O’rta Osiyo, Gretsiya, Bolgariya, Misr, Jazoir, Turkiya va Eronda ekiladi. Madaniy No’xatning ildizi —o’q ildiz (100-150 santimetr). Poyasi o’tsimon, tik o’sadi, dag’al, qovurg’ali, sershox, tukli, balandligi 30-70 santimetr. Bargi murakkab, toq patsimon. Guli ikki jinsli, kapalaksimon, mayda. Rangi oq, sariq, sarg’ish-yashil, och-pushti va ko’k. Mevasi — dukkak, dukagida 1—2 ta, goho 3 ta don bo’ladi. 1000 ta urug’ining vazni 220-300 gramm, gohida 600 grammgacha boradi. Donining rangi oq, pushti, to’q-sariq. No’xat g’ovak, qumoq, yengil sho’rlangan tuprokli yerlarga ekiladi. Qora, bo’z, kashtan tuproqlarda mo’l hosil beradi. No’xat issiqsevar, yorug’sevar, bahori ekin. Boshqa dukkakli ekinlarga nisbatan qurg’oqchilik va sho’rga chidamli, urug’i 2-5° haroratda unib chiqadi, past haroratda sekin o’sadi. Maysasi bahorgi — 6°dan -8°gacha qorasovuklarga chidaydi. No’xat gullash va mevasi shakllanish davrida issiqlikka talabchan. Namlik me’yordan ortiq bo’lsa kasallanadi, shona va guli to’kiladi. O’zidan changlanadi. O’suv davri 70-190 kun. No’xat donidan yorma, ayniqsa, o’zbek pazandachiligida har xil taomlar, qandolat mahsuloti tayyorlanadi, unidan non yopiladi (bug’doy uniga yu—20% qo’shiladi), surrogat kofe ishlab chiqariladi. Doni tarkibida 19-33% oqsil, 4-7% moy, 0,2-4,0% kul, 48-61% azotsiz moddalar, 2-12% klechatka, vitaminlar hamda aminokislotalar mavjud. No’xat bug’doy va g’o’za uchun yaxshi o’tmishdosh hisoblanadi. Bir mavsumda bir gektar yerda No’xat ildizlari 50-70 kilogramm sof modda hisobida azot to’playdi. No’xat O’zbekistonning lalmi yerlarida 6-8 ts/ga, sug’oriladigan yerlarda 22- 32 ts/ga hosil beradi. No’xat keng qatorlab (qator orasi 45-60 santimetr) yoki yoppasiga qatorlab (qator orasi 15 santimetr), ba’zan sepma usulida ekiladi. Ekish usuliga va nav biologiyasi va morfologiyasiga qarab 150-200 kg/ga urug’ sarflanadi. O’zbekistonda aksariyat lalmi yerlarda ekiladi. Sug’oriladigan yerlarda qator orasi 1-2 marta kultivasiya qilinadi. No’xat kam sug’oriladi. Gullash davrida suvni kam me’yorda berish yaxshi natija beradi, to’liq pishganda bargi to’kiladi, dukkagi deyarli chatnamaydi, hosili don kombaynlarida yig’ib olinadi. O’zbekistonda Zimistoniy, Lazzat, O’zbekiston32, yudduz navlari ekiladi. Kasalliklari : askoxitoz va fuzarioz; zararkunandalari: No’xat donxo’ri, No’xat biti, No’xat tripsi. Zulfiya Yo’ldosheva.