Nuh

Nuh — Qur’onda nomi zikr qilingan payg’ambarlardan biri. Qur’onga ko’ra, Alloh Nuhni o’z qavmiga payg’ambar qilib yuborgan. Nuh o’z qavmi ichida uzoq umr ko’rdi, ya’ni 950 yil yashadi (Ankabut Surasi, 14-oyat). Uturli ilohlarga, butlarga sig’ingan qavmini to’g’ri yo’lga boshlab, faqat Allohga ibodat qilishga da’vat etdi. Lekin qavm uning so’ziga kirmadi, uni masxara qildi. Nuhning da’vatiga hatto o’zining xotini va farzandi ham ishonmadi. Shunda Nuh Allohdan yordam berishni, kofirlarni jazolashni so’radi (Shuaro surasi, 118-119-oyatlar). Alloh uning iltijosini qabul etib, Nuhga kema yasashni va barcha jonivorlardan bir juftdan olib kemaga joylashtirishni buyurdi. Keyin osmondan juda ko’p yomg’ir yog’dirdi, yerning hamma tomonidan ham suv chiqartirdi. Osmon suvi bilan yer suvi qo’shilib ulkan to’fon payo bo’ldi. To’fonda barcha kofirlar halok bo’ldi, faqat kemadagilar sog’qoldilar. To’fon boshlanishidan oldin Nuhning farzandlaridan biri kemaga chiqmadi. Nuhning otalik mehri qo’zg’ab, o’g’lini kemaga chiqishga undadi. Allohga kufr keltirgan farzand esa otasiga rad javob aytib imon keltirishdan yana bosh tortdi va toqqa chiqib jon saqlamoqchi bo’ldi, lekin u ham halokatga uchradi (Hud surasi, 45-47-oyatlar). Suv pasaygandan keyin kema Judiy tog’i ustida to’xtadi. Kema tog’ tepasiga kelib to’xtab, yer to’fon suvini yutib bitirgach, Alloh Nuhni kemadan yerga tushishga buyurdi. Nuh va unga imon keltirgan kishilar kemadan tushishdi. Bu zamin Musil degan yurt edi. Qur’onda Nuh qissasini bayon qiluvchi «Nuh» surasi bor. Ad.: Payg’ambarlar qissasi, T., 1993.