Nukleazalar

Nukleazalar — nuklein kislotalar (NK) ni parchalaydigan gidrolitik fermentlar. Barcha biologik ob’yektlarda borligi ma’lum. Nukleazalar fosfodiesteraza bo’lib, ribonuklein kislotani parchalaydigan ribonukleaza (RNKaza), dezoksiribonuklein kislotani parchalaydigan dezoksiribonukleaza (DNKaza), ayrimlari har ikki nuklein kislotalar (NK)ga nisbatan faol bo’lgan (nomaxsus) Nukleazalar deb ataladi. Ekzonukleazalar nuklein kislota molekulasining bir uchini, endonukleazalar polinukleotid zanjirni oralaridan gidrolizlaydi. Ovqatdagi NKni hazm qilishda, organizm uchun yot bo’lgan NKni chiqarib yuborishda, hujayralarda NKning sintezlanishi va parchalanishini boshqarishda qatnashadi. Nukleazalardan NK strukturasini tadqiq qilishda va ba’zi virusli kasalliklarni davolashda foydalaniladi.