Nunavut

Nunavut — Kanadadagi ma’muriy hudud. Mamlakatning shimoliy-Sharqiy qismi va atrofdagi orollarni o’z ichiga oladi. Maydoni 2,0 million km2. Ma’muriy markazi — Ikaluit shahri. Aholisi 28,1 ming kishi (2002). Nunavut 1999 yil 1 aprelda shimoliy-G’arbiy hududlarning bir qismidan ajratib olingan yerlardan tashkil etilgan. Nunavut maydoni Kanada hududining 25% ni tashkil qiladi. Hududning 85% aholisi Arktikaning tub aholisi — kanadalik eskimoslar, ya’ni inuitlardan iborat. Ularning tilida «Nunavut» — «bizning yer» degan ma’noni anglatadi. Foydali qazilma, shu jumladan, razvedka qilinmagan konlarga boy. Materik sayozligida neft va tabiiy gaz konlari, Baffin erida polimetall rudalar, mis-nikel va temir rudalari, Nodir yer elementlari va hokazolar bor. Biroq transport aloqasi yaxshi yo’lga qo’yilmaganligi sababli ulardan to’liq foydalanilmaydi. Xo’jaligida yetakchi tarmoq — konchilik, quruklik va dengiz hayvonlarini ovlash; qisman baliq ham ovlanadi. Oziq-ovqat (xususan, konserva qilish) sanoati korxonalari mavjud. Hunarmandchilikda tosh o’ymakorligi, haykaltaroshlik, grafika rivojlangan, an’anaviy esdalik buyumlari tayyorlanadi. Turizm rivojlanganligi sababli aholining ko’p qismi xizmat ko’rsatish sohasida band. Nunavutda 28 turar joy (qishloq) bor. Faqat Ikaluit (avvalgi Frobisherbey) shahar maqomiga ega.