Nurlanish nima?

Umuman olganda, nurlanish — energiya to’lqinlarining tarqalishi, demakdir. Bu hodisa, garchi nimaligini aniq bilmasangizda, lekin erta bolalikdan sizga tanishdir. Siz qizigan pechkaga, radiatorga yoki yonib turgan lampochkaga yaqinroq tutsangiz, ular harorat taratib turganini sezasiz. Oftobning ko’zida o’tirsangiz, «ultrabinafsha nurlar» deb atalgan nurlanish sizning teringizga ta’sir ko’rsatadi. Bularning barchasi «elektrmagnitli nurlanish»ning misollari bo’la oladi. Nurlanishning boshqa bir turi «radioaktiv nurlanish» deb ataladi. Ular radioaktiv moddalar va yadro reaktsiyalaridan tug’iladi. Radioaktiv nurlanish paytida energiya zarralari va to’lqinlari taraladi. Elektrmagnitli nurlanish — energiya to’lqinlarining tarqalishi ekan, demak, biz bu to’lqin xususida biron narsa bilishimiz kerak. To’lqinlar o’rtasidagi masofa «to’lqinlar uzunligi» deb ataladi. Bir sekundda u yoki bu nuqta orqali o’tadigan to’lqinlar miqdori «chastota» deyiladi. To’lqin uzunliklarining muayyan bir diapazonida turgan to’lqinlar to’plami «spektr» deb ataladi. Eng qisqa to’lqin uzunliklari to’lqinlarining to’plamiga «rentgen nurlari spektri» deb nom berilgan. Undan keyin ultrabinafsha nurlar spektri keladi. Tag’in… undan keyin esa to’lqinlarini biz ko’rishimiz mumkin bo’lgan nurlar spektri mavjud. Keyingi diapazonda to’lqinlar uzayadi va biz ularni ko’rmaymiz. Bu infraqizil nurlar spektridir. Ulardan yanada uzunroq to’lqinlar radio, televideniye, radiolokasiyada ishlatiladi. Bu to’lqinlarning manbai qayerda joylashgan? Ba’zi paytlarda bu manbalarni yaratish uchun mashinalar kerak bo’ladi, boshqa hollarda — ular tabiatdan olinadi. Tabiiy to’lqinlar, masalan, Quyoshdan keladi. Nurlanishni vujudga keltirish uchun energiya kerak. Quyosh haqida gapiradigan bo’lsak, undagi energiya termoyadro reaktsiyasidan paydo bo’ladi. Rentgen nurlarini olish uchun esa nishon nuqta zarralar bilan «bombardimon» qilinadi. Radioaktiv nurlanish — ayrim elementlarda yuz beradigan o’zgarish yoki parchalanish jarayoni. Bunday kimyoviy elementlar radioaktiv elementlardir. Ularning tarkibidagi atomlar parchalanishi oqibatida paydo bo’ladigan mayda zarralar (yoxud to’lqinlar) yorug’lik tarqatadi.