Energiya nima?

Siz gazetalardan, «insonning tinch-osoyishta yashashiga xizmat qiladigan atom energiyasini olish — olimlar oldida turgan eng asosiy vazifadir» degan fikrni, ehtimol, o’qigandirsiz. Bunga esa biz allaqachon erishdik va bu, inson aql-idrokining eng buyuk g’alabasidir. Albert Eynshteyn (1879-1955) moddiylik va energiya o’rtasidagi o’zaro bog’liklik nazariyasini ilgari surdi. Boshqacha aytganda, u moddiylikning energiyaga aylanishini isbot qilib berdi. Bu esa bizning atrof muhit haqidagi tasavvurimizni o’zgartirdi. Moddiylik ikkilamchi ekan: borliqdagi muhim omil esa energiya ekan. Energiya nima? Energiya — ish bajara olish qobiliyati. Bu «kuch» tushunchasining zamirida turadigan, kuchning mavjudligini ta’minlaydigan hodisadir. Buni tushunish uchun avtomobilni misol qilib olaylik-chi. Dvigatelni harakatga keltirish uchun unga kuch ishlatish kerak bo’ladi. Kuchni esa qayerdandir olish zarur. U albatta energiyadan olinadi. Energiyaning o’zi qayerdan olinadi? Energiya — avtomobil tsilindrida benzinning yonish vaqtida paydo bo’ladi. Olingan energiya esa avtomobil mexanizmlarini harakatga keltiruvchi muayyan kuchlarni ishga soladi. Oqibat-natijada dvigatel ishlaydi va bu energiya sharofatidandir. Energiyaning ikki turi — potentsial va kinetik energiya — mavjud. Avvaliga potentsial energiya bilan tanishaylik. Benzinda elektr kuchlari molekulalarning o’zaro tortishishini vujudga keltiradi. Energiya yana shu molekulalarda saqlanadi — bu potentsial energiya. Benzinning yonishi jarayonida potentsial energiya erkinlikka erishadi. Osib qo’yilgan yuk potentsial energiyaning yana bir dalili bo’lishi mumkin. Energiya aynan shu yukda mavjud, agar biz uni osilgan joyidan olib tashlab yuborsak, yuk pastga qarab tusha boshlaydi. Sharshara chetida chayqalib turgan yoki to’g’on yonidagi suv to’lqinlarining o’rkachida ham potentsial energiya bor. Endi yukni tashlab yuboraylik yoki sharsharada tushayotgan suvning vaziyatini kuzataylik. Ular muayyan bir tezlik bilan, ish bajarib tushadi, bu esa «kinetik energiya» deb ataladi. Bunday energiya jismning ma’lum bir tezlik bilan harakatlanishidan hosil bo’ladi. Tushayotgan jism potentsial energiyani yo’qotadi va kinetik engergiyaga aylanadi. Bu ikki turdagi energiyaning kattaligi bir xil. Aslida ham butun koinotdagi energiyaning umumiy hajmi o’zgarmasdan holadi. Biz bor bo’lgan energiyani yo’qota olmaymiz va yangi energiya yarata olmaymiz ham. Energiyani ishlab chiqarishda yuqoridan tushayotgan suvning, yonayotgan ko’mirning, parchalanayotgan atomning energiyasidan foydalanamiz va bir turdagi energiyani ikkinchi turdagi energiyaga aylantiramiz.