Nurli issiqlik almashinuvi

Nurli issiqlik almashinuvi — jism ichki energiyasining nurlanish energiyasiga (fotonlar yoki elektromagnit to’lqinlar energiyasiga) aylanishi, nurlanish yo’li bilan energiyaning fazoga uzatilishi yoki jismlarga yutilishi. Boshqa turdagi issiqlik almashinuvlaridan farqi shuki, bu hodisa issiqlik almashinadigan sirtlarni ajratib turuvchi moddiy muhitsiz ham sodir bo’lishi mumkin, chunki nur elektromagnit nurlanish natijasida tarqaladi. Shaffofmas jism sirtiga tushadigan nur energiyasining bir qismi jismga yutiladi, bir qismi esa undan qaytadi. Temperaturasi mutlaq nolga teng bo’lmagan har qanday jism qizdirilsa, o’zidan energiya (nur) chiqaradi. Bir xil temperaturadagi jism nur chiqarish qobiliyatining mutlaq qora jism nur chiqarish qobiliyatiga nisbati jismning mutlaq qoralik darajasi deyiladi. Barcha jismlar uchun mutlaq qoralik darajasi 1 dan kichik. Nurli issiqlik almashinuvi tizimidagi har qanday jism nurlar oqimini qaytaradi va xususiy nurlar oqimini chiqaradi. Jism sirtidan ketadigan energiyaning umumiy miqdoriga effektiv nurlanish oqimi deyiladi. Jism yutgan energiyaning bir qismi tizimga xususiy nurlanish sifatida qaytadi. Shuning uchun Nurli issiqlik almashinuvini yutilgan va xususiy nurlar oqimi ayirmasi deb qarash mumkin. Nurli issiqlik almashinuvi metallurgiya, yadro energetikasi, raketa texnikasi, kimyo texnologiyasi, quritish texnikasi, geliotexnika va boshqalar sohalarda qo’llanadi.