Nutriya, suv bobri

Nutriya, suv bobri (Myocastor coypus) — kemiruvchilar turkumi, nutriyasimonlar oilasiga mansub hayvon. Oilaning yagona turi. Tanasining uzunligi 60 santimetrgacha, dumi 45 santimetrgacha, og’irligi 8 kilogrammgacha. Orqa oyoqlarining deyarli barcha barmoqlarida suzgich parda bo’ladi, quloqteshigi suvda bekilishi mumkin. Janubiy Amerikaning tropik va subtropik mintaqalarida tarqalgan. Janubiy-g’arbiy Yevropa, Zakavkaze va O’rta Osiyo mamlakatlari, jumladan, O’zbekiston Janubda akklimitizasiya qilingan. Suvda va suv bo’yida yashaydi; yaxshi suzadi va sho’ngiydi. Kechasi va oqshomlari faol. Botqoq o’simliklari poyasidan in quradi, in qazishi ham mumkin. Bir yilda 2 marta 2-8 ta (odatda, 5 ta) ko’zi ochiq, yungli bola tug’adi. Qimmatli mo’ynasi va go’shti uchun ovlanadi. Mo’ynachilik fermalarida boqiladi. Har xil rangli mo’yna beruvchi zotlari chiqarilgan.