Nyu-Xempshir

Nyu-Xempshir – AQShning shimoliy-Sharqiy qismidagi shtat. Yangi Angliyada, Kanada bilan chegaradosh. Maydoni 24,03 ming km2. Aholisi 1,27 million kishi (2002), 51% shaharlarda yashaydi. Ma’muriy markazi — Konkord shahri. Eng katta shahri — Manchester. Nyu-Xempshir maydonining katta qismida Appalachi tog’lari joylashgan, shimoli-sharqida oq tog’lar bor. Yirik daryolari: Merrimak va konnektikut. Ko’l ko’p. Igna bargli o’rmonlar bor. Mashinasozlik, ko’n-poyabzal, to’qimachilik, tsellyuloza-qog’oz, kemasozlik sanoatlari rivojlangan. Issiqlik elektr stansiyalari va GESlar bor. Qishloq xo’jalik tovar mahsulotining katta qismini sut chorvachiligi va parrandachilik beradi. Dehqonchilikda yem-xashak ekinlari, sabzavot ekiladi. Turizm rivojlangan. Shtat hududiga yevropaliklar 1623 yildan borib urnasha boshlagan. Nyu-Xempshir AQShni tuzishda qatnashgan dastlabki 13 shtatdan biri.