Nyukom

Nyukom (Nyukomb, Newcomb) Saymon (Simon) (1835.12.3, Uollis, Yangi Shotlandiya — 1909.11.7 Vashington) — amerikalik astronom. AQSh Milliy Fanlar Akademiyasi a’zosi (1869), London Qirollik jamiyati a’zosi (1877), Peterburg Fanlar Akademiyasi faxriy a’zosi (1896). Garvard universitetini bitirgan (1858) asli kanadalik, 1853 yil AQSh ga ko’chib o’tgan. Asosiy ilmiy ishlari katta sayyoralar harakatini o’rganishga, astronomik doimiylarni aniqlashga, yulduzlarning aniq vaziyatlarini belgilab beruvchi kataloglar tuzishga oid. Aberratsion vaqt, nutatsiya va presessiya doimiylarining Nyukom tomonidan topilgan son qiymatlari hozir ham qo’llaniladi. Nyukom mohir fan targ’ibotchisi ham bo’lgan. Uning mashhur «umumiy ma’nodagi astronomiya», «hammabop astronomiya» kitoblari nashr qilingan.