Ob-havo
Ob-havo — biror joy yoki hudud at-mosferasidagi meteorologik elementlarning uzuluksiz o’zgarishlari majmui, atmosferaning muayyan tabiiy jarayonlarga bog’liq holati. Bu jarayonlar atmosferada Quyosh energiyasi oqimi va yer yuzasining o’zaro ta’siridagi fizik jarayonlar natijasida sodir bo’ladi. Odatda, Ob-havo deganda yer yuzasidagi Ob-havo tushuniladi. Biroq aviatsiya, xalq xo’jaligi faoliyati rivojlanishi bilan erkin atmosfera Ob-havosi tushunchasi ham tobora kengayib bormokda. Inson faoliyatining barcha jabhalari Ob-havo bilan uzviy bog’liq. Ob-havo to’xtovsiz o’zgarib turadi. Ma’lum joyning aniq bir vaqtdagi Ob-havosi meteorologik elementlar (temperatura, havo namligi, bulut, yog’in miqdori, shamol tezligi va yo’nalishi, qor bo’roni, momaqaldiroq, tuman va hokazolar) bilan tavsiflanadi. Ob-havoda Yerning o’z o’qi atrofidagi harakatiga bog’liq bo’lgan davriy o’zgarish, shuningdek, asosan, havo oqimlarining almashinishiga bog’liq bo’lgan nodavriy keskin o’zgarishlar sodir bo’lib turadi. Atmosferadagi havoning gorizontal harakati vertikal xarakatidan bir necha marta katta bo’lishiga qaramay, Ob-havoning o’zgarishida gorizontal harakat bilan bir vaqtda vertikal harakat ham katta rol o’ynaydi: bulutlarning hosil bo’lishi va yog’in-sochin miqdori, do’l hosil bo’lishi, asosan, havoning vertikal harakatiga bog’liq. Xalq xo’jaligining qariyb hamma tarmoqlarini Ob-havoning kelgusidagi holati qiziqtiradi. O’rta Osiyo hududida yilning sovuq davrida mo»tadil kengliklardagi havo frontlarining G’arbiy tarmog’idagi tsiklonik faoliyati rivojlanadi, bu esa Ob-havoning iliqligini vujudga keltiradi. Arktikadan chiqadigan (sovuq tipidagi Ob-havo) sovuq havo massalarining bostirib kirishi tez-tez takrorlanib turadi. Arktikadan keladigan sovuq havo massalari ko’pincha haroratning ancha pasayib ketishiga sabab bo’ladi, Janubiy rayonlarda qor qoplami bo’lmasada, sovuq -30, -35° ga yetadi. Bu esa tuproqning muzlashiga va ekinlarni sovuqurib nobud bo’lishiga olib keladi, bahor oxirlarida sovuq havo oqimining bostirib kelishi natijasida harorat keskin pasayib, yerning ustki qatlami muzlaydi, bu esa unib chiqqan ekin nihollari va gullayotgan mevali daraxtlar uchun juda xavflidir. Yog’inlarning eng ko’p qismi bahor (mart-aprel)da yog’adi. Yilning issiq davrida O’rta Osiyo hududi havo qattiq isib va qurib ketadigan, kontinental tropik havo shakllanuvchi markaz hisoblanadi. Chekka Janubiy rayonlarda kunduzgi maksimal temperatura 45-50° gacha yetadi, havoning nisbiy namligi 5% bo’ldi. Ob-havoning ochiq, quruq va issiq kelishi qumli tuproqlarning qurib ketishiga va shamolda ko’p miqdordagi qizigan changlar havoga ko’tirilib, haroratning yanada ortishiga sabab bo’ladi. Kopetdog’ tog’oldi rayonlarida va G’arbiy Tyanshanda tez-tez janub tomondan ekinlarni nobud qiluvchi quruq issiq shamol garmsel esadi; Amudaryoning yuqori qismida sovuq havo massasining Turon pasttekisligi chegarasiga bostirib kirishidan oldin, janubi-g’arbiy tomondan mahalliy afg’on shamoli esadi. Havoning nisbiy namligi past bo’lganda yuqori haroratning bevosita ta’siri natijasida ekinlar so’liydi va qovjiraydi. Sug’oriladigan maydonlarda temperatura yuqori bo’lgan (38-40° dan oshmagan) davrda ekinlarning rivojlanishi uchun qulay sharoit vujudga keladi. Atmosfera hodisalarini zamonaviy asbob-uskunalar (yer sun’iy yo’ldoshlari, hisoblash mashinalari, raketalar, radiozondlar, samolyotlar va hokazolar) yorda-mida o’rganish, uning kelajak rivojini aniklaydigan usullarning takomillashishiga olib kelmoqda. Hamidulla Abdumayev, Tohir Muxtorov.