Obinovvot, novvot

Obinovvot, novvot — yuqori sifatli, serhosil, turshakbop o’rik navi. P.P. Shreder nomidagi bog’dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy tadqiqot institutning Samarqand filialida Ko’rsodiq va Arzami navlarini chatishtirib yaratilgan. (K.V.Vasilev, L.A.Protasevich). Daraxti katta, shakl berilsa, yanada yaxshi o’sadi. Ko’chati ekilgandan keyin 3-yilidan meva bera boshlaydi. 5-6 yoshdan to’la hosil beradi. Iyun oyining 3-o’n kunligida pishadi. Mevalari yirik va o’rtacha yirik, vazni 35— 40 gramm, tuxumsimon, sariq, qizil mumg’ubor bilan qoplangan. Eti sariq, danagidan oson ajraladi. Tarkibida 16% qand, 0,5% kislota bor. Obinovvot shamolga bardoshli, yetilib pishgani to’kilmaydi, novdalarda turib turshakka aylanadi. Quritilganda 23-25% bargak, 30-32% turshak tushadi. Tog’li va tog’ etagi mintaqalarida mo’l hosil beradi.