Observatsiya

Observatsiya (lotincha observatio — kuzatish, nazorat) — karantinga olingan yuqumli kasalliklarga (o’lat, vabo, chinchechak) chalingan bemorlar bilan muloqotda bo’lganligi sababli vaqtincha alohidalab qo’yilgan kishilar ustidan tibbiy kuzatuv. Zarurat bo’lganda Observatsiya boshqa yukumli kasalliklarga ham belgilanishi mumkin. Observatsiyani sanitariya-epidemiologiya xizmati amalga oshiradi. Observatsiya muddati Observatsiya qilish buyurilgan kasallik yashirin davrining eng uzoq muddatiga bog’liq. Observatsiya qilinadigan kishilar doim vrach nazoratida bo’ladi. Har kuni ularning hol-ahvoli so’rab chiqiladi, ko’zdan kechiriladi, gavda temperaturasi o’lchanadi, zarur bo’lsa, tegishli tekshiruvlar o’tkaziladi, shoshilinch maxsus profilaktika qilinadi, ehtiyotdan emlanadi va hokazolar. Tibbiy kuzatuvdagi kishilarga mehnatga qobiliyatsizlik varaqasi beriladi. Observatsiyada transport vositalari va yuklarga ishlov berish (dezinfektsiya, dezinsektsiya, deratizasiya) ham ko’zda tutiladi.