Odamlar qachondan tuxum iste’mol qila boshlashgan?

Qachonki odamlar tasodifan uzoq muddatga changalzorga yoki kimsasiz orolga tushib qolsalar, ular ochlik zabtiga chidab bo’lmasligi tufayli duch kelgan narsani yeya boshlaydilar. Taxminan shu tarzda yemish izlab yurgan ibtidoiy odam ham qushlarning tuxumini tatib ko’rgan edi. Bu narsa qachon sodir bo’lganini aniq aytishning, tabiiyki, iloji yo’q. Ammo biz, tovuqlar juda qadim zamonlardan beri odamlarni yeyimli tuxumlar bilan ta’minlab kelayotganligini yaxshi bilamiz. Tovuqlarning o’zi esa dastavval Hindiston changalzorlarida paydo bo’lgandi. Ular oqsoch tarixni qayd etib boruvchi solnomalar paydo bo’lishidan anchayin ilgari butun dunyo bo’ylab tarqalib ketgan edi. Tovuqlar Xitoyda bundan 3500 yil muqaddam ham ma’lum bo’lgan! Rimliklar shimol taraflarga yurish boshlaganlarida ular Angliyada, Galiyada va German qabilalari orasida tovuqlarga duch keladilar. G’arbiy yarimsharda esa Kolumb u yoqlarga 1493 yilda ikkinchi marotaba safar qilmaguniga qadar tovuqlar bo’lmagan. Butun dunyoda tovuqlar umuman iste’mol qilinadigan tuxumlarning asosiy qismini yetishtirib beradilar. Rost, ba’zi mamlakatlarda odamlar o’rdaklarni va ularning tuxumlarini afzal ko’rishadi. Darvoqe, siz tuxum tugish bo’yicha musobaqada o’rdaklar tovuqlar ustidan g’alaba qozonganini bilasizmi? O’rdak bir yilda 360 dona tuxum tuqqan hollar ham uchrab turadi. Bordi-yu, dunyodagi hamma tovuqlarning va ular bir yilda tuqqan tuxumlarining miqdori hisoblab chiqilsa, unda yer yuzida yashovchi har bir odamga haftada 2 donadan tuxum to’g’ri keladi. Tuxum uch qismga: oqi, sarig’i va po’chog’iga ajraladi. Oqi tuxum vaznining 58% ga yaqinini tashkil etadi. Uning 87% i suvdan va 12% i proteindan iborat. Sarig’i tuxum vaznining 12%ini tashkil etadi. Unda 49% — suv, 32% – moylar va 17% oqsil bor. Tuxum vaznining 10% i po’chog’iga to’g’ri keladi. Tuxum yuqori sifatli taom sanaladi, chunki uning tarkibida aminokislotalar, ma’danli tuzlar va vitaminlar mavjuddir.