Odat

Odat (psixologiyada) — o’rganish bo’lib qolgan va muayyan vaziyatda bajarish individ uchun ehtiyojga aylangan xatti-harakat. Odat stixiyali tarzda shakllanishi, muayyan tarbiya mahsuli bo’lishi, xarakterning barqaror xususiyatiga aylanishi, avtomatizm belgilariga ega bo’lishi mumkin. Odatning fiziologik asosi, malakaniki kabi, dinamik stereotip, ya’ni bosh miya katta yarim shari po’stlog’idagi nerv sistemasidir. Odat faoliyatning turli soxalari (mehnat, o’quv, sport va boshqalar)da vujudga kelib, inson xatti-harakatining barcha tomonlari (axloqi, bilish jarayoni, madaniy-maishiy turmushi va boshqalar)ni qamrab oladi. Odat foydali (masalan, ertalabki gimnastika) va zararli (masalan, chekish) bo’lishi mumkin. Foydali Odat shaxening ijobiy xislatlari shakllanishiga yordam beradi. Masalan, mehnat odati mehnatsevarlikni rivojlantiradi. Aksincha, zararli Odatlar salbiy xususiyatlarni keltirib chiqaradi. Masalan, vaqtni behuda o’tkazishdan dangasalik, ishni oxiriga yetkazmaslikdan irodasizlik Odatlari kelib chikali. Odat tusini olgan xattiharakatlar kishiga mustahkam singib, uning tabiatiga — fazilati yoki illatiga aylanadi. Yoshlikdan ijobiy Odatlarni tarkib toptirib, salbiy Odatlarga qarshi kurashish ta’lim-tarbiyaning muhim vazifasidir.