Odat huquqi

Odat huquqi — jamiyatda uzoq vaqt amal qilinaverib, uning a’zolari uchun o’rganish bo’lib ketgan va davlat tomonidan ruxsat etilgan, lekin qonunlashtirilmagan tartib-qoidalar (odatlar) majmui. Odat huquqi normalari ijtimoiy normalardan biri bo’lib (ijtimoiy normalarga, shuningdek, huquqiy normalar, axloqiy, diniy normalar ham kiradi), kishilar hayotida yuzaga keladigan ijtimoiy munosabatlarning aksar qismini tartibga soladi. Odat huquqi o’zining 2 jihati bilan, ya’ni: xalqning huquqiy ongi, huquqiy mafkurasi bilan chambarchas bog’likligi; xalq orasida doimiy takrorlanib turuvchi, ammo yozilmagan, avloddan-avlodga meros bo’lib o’tuvchi jamiyatning asl qonun-qoidalari ila hamohangligi bilan e’tiborlidir. Odat huquqi normalari ish muomalasi odatlari, mahalliy odat va an’analar shaklida namoyon bo’ladi. Hozirga kelib, Odat huquqi normalari huquqning alohida bir manbai sifatida e’tirof etilmoqda. Chunonchi, O’zbekiston Respublikasining amaldagi Fuqarolik kodeksi bo’yicha, Odat huquqi normalari ilk bor huquqning manbai sifatida kiritildi. Unga ko’ra, tadbirkorlik faoliyatining biron-bir sohasida vujudga kelgan va keng qo’llaniladigan, qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan xulq-atvor qoidasi, bironbir hujjatda yozilganligi yoki yozilmaganligidan qat’i nazar, ish muomalasi odati bo’lib hisoblanadi. Fuqarolik qonun hujjatlarida tegishli normalar bo’lmagan taqdirda, bu munosabatlarni tartibga solishda mahalliy odat va an’analar qo’llaniladi. Shuningdek, O’zbekiston Respublikasining amaldagi oila kodeksiga ko’ra, qonun hujjatlarida oilaviy munosabatlarni tartibga solishga oid tegishli normalar bo’lmagan taqdirda, O’zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari tamoyillariga zid bo’lmagan mahalliy urf-odat va an’analar qo’llaniladi. Mirodil Baratov.