Ofiolitlar
Ofiolitlar (Yunoncha ophis — ilon va lithos — tosh) — o’ta asosli va asosli intruziv (dunit, peridodit, piroksenit, gabbro), effuziv (giberbazitlar) va cho’kindi (aksari chuqur suv yotqiziqlari) tog’ jinslarining birgalikda uchraydigan majmui. Ofiolitlar tushunchasini fanga dastlab 1905 yilda shveytsariyalik olim G. Shteynman kiritgan. Burmalangan oblastlarning Ofiolitlar okean osti yer po’stining o’tmish geologik davrda tektonik harakatlar natijasida qit’alar chetiga kelib qolgan relikti deb taxmin qilinadi. Odatda, serpentinlashgan ultrabazitlar yuqori mantiyaning bir qismi, gabbroidlar — «basalt qatlami», effuziv-cho’kindi qatlamlar esa hozirgi okean osti yer po’stining «birinchi» va «ikkinchi» qatlamlaridan iborat. Bu tartibning o’zgarishi ko’pincha tektonik jarayonlar bilan bog’liq bo’lib, o’ziga xos geologik formasiya (serpentinli melanj)ni tashkil etadi. Ofiolitlar Yer sharining bir yo’nalishdagi burmali strukturalari uchun xos. Ofiolitlar ayrim hollarda gorizontal yo’nalishda katta masofalarga siljigan, ba’zan ag’darilgan. Ofiolitlarni tadqiq etish ofiolitli tog’jinslari bilan genetik bog’liq bo’lgan konlar (xrom, nikel, platina, oltin, simob va boshqalar)ni aniqlash va yer po’stining rivojlanishini o’rganishda katta ahamiyatga ega.