Ofset bosma, ofset
Ofset bosma, ofset (inglizcha offset) — tekis bosma usuli; bunda bo’yoq qolip (forma) dan elastik oraliq sirt (rezina tsilindr)ga, undan qog’ozga yoki bosma materialga tushiriladi. Ofset bosma AQSh da ofset bosma mashina yaratilgandan so’ng (1905) taklif qilingan. Ofset bosma qolipi 0,3—0,8 millimetr qalinlikda rux, alyuminiy, bimetall (mis, nikel) plastinadan fotomexanik usulda tayyorlanadi. Ofset bosma qoliplaridan negativ va pozitiv usullarda nusxa ko’chiriladi. Negativ usulda nusxa ko’chirishda metall plastina sirtiga xromlangan yorug’lik sezgir kolloid qatlami surkaladi va negativ qayta bosiladigan asl nusxa (original) ga ko’chiriladi. Nusxa bo’yoq bilan qoplanadi, maxsus eritmalarda ochiltiriladi va ishlanadi. Pozitiv usulda nusxa ko’chirishda diapozitivpar qo’llaniladi. Nusxani ochiltirish va ishlash natijasida bosma elementlari ancha chuqurlashadi; bu esa bosma sifatini oshirishga va qolipdan ko’plab nusxa olishga imkon beradi. Qolip bimetall (mis va nikel)dan tayyorlangan bo’lsa, bosma elementlari mis sirtda, ochiq qoladigan joylar (probellar) esa nikel sirtda hosil bo’ladi. Ofset bosma ko’p rangli nashrlar (plakatlar, badiiy reproduktsiyalar, rangli kitobchalar, rasmli jurnallar va boshqalar), shuningdek, bir xil rangdagi rasmli kitoblarni bosishda keng qo’llaniladi. Ofset bosma korxonasida rang berish, fotoharf terish avtomatlari, ofset rotatsiyalari, avtomatik liniyalar bo’ladi.