Og’iz, og’iz oshi

Og’iz, og’iz oshi — yangi tuqqan sigirning dastlabki 3 kunlik sutidan tayyorlanadigan taom. Shevalarda dalama, gelagay, palla kabi nomlar bilan ataladi. Og’iz suti qozonda sut kabi sust olovda qaynatiladi. Og’iz suti tarkibida o’rtacha 25% quruq modda bo’lib, 5,4 % yog’, 15% oqsil, 3,3% sut shakari, 1,3% mineral moddalar, 200 ga yaqin to’yimli va biologik faol moddalar (BFM) yengil hazm bo’ladigan holatda uchraydi. Pishirilganda Og’iz sutining oqsili ivib, xuddi tvorogga o’xshab qoladi, shunda qozonga tuz solib ta’mi rostlanadi. Ayrim joylarda Og’izga sedana ham solinadi. Ba’zi joylarda guruch qo’shib pishiriladi. Mazali, to’yimli taom Og’iz sovitib iste’mol qilinadi. Sigir egasi sut mo’l-ko’l bo’lishini niyat qilib, Og’izni yaqin qo’ni-qo’shni va qarindosh-urug’larga tarqatadi. Ro’zimat Hamroqulov.