«OILA VA JAMIYAT»
«OILA VA JAMIYAT» – ijtimoiy gazeta. 1991 yil 1 sentabrdan Toshkent shahrida haftada 1 marta chiqadi. Muassislari: O’zbekiston xotin-qizlar qo’mitasi, «Sog’lom avlod uchun» hukumatga qarashli bo’lmagan xalqaro xayriya jamg’armasi hamda O’zbekiston bolalar jamg’armasi. Ilm-fan, madaniyat, sanat, ishlab chiqarish, tadbirkorlik, qishloq xo’jalik sohalarida o’rnak ko’rsatib kelayotgan xotin-qizlarning tajribalari, oilalarda tibbiy madaniyatni shakllantirish, sog’lom turmush tarzi targ’iboti, xotin-qizlarning huquqiy savodxonligini oshirish gazetada chop etilayotgan maqolalarning asosiy mavzulari hisoblanadi. Gazetada Tursunoy Sodiqova, San’at Mahmudova, Basira Saydalieva, Lola Ahmedova, Sanobar Faxriddinova kabi jurnalistlar faol qatnashadi. Gazetaga turli yillarla Qulman Ochilov, Abduhoshim Irisboev, Abdukarim Rahimberdiev, Muhammal Ismoillar muharrirlik qilishgan. 1998 yildan muharriri Dilbar Saidova. Adadi 15000 (2005).