Okean qa’ri

Okean qa’ri — dunyo okeani tubi relefi va geologik strukturasining eng asosiy elementlaridan biri. Dunyo okeanining o’rtasidagi tizmalardan tashqari abissal qismini o’z ichiga oladi. Yer yuzasining eng past gipsometrik sathini (o’rtacha chuqurligi 4 ming metr, maksimal chuqurligi 7 ming metrgacha) egallaydi. Maydoni 185 million km2 dan ortiq (dunyo okeani tubi umumiy maydonining 50% dan ko’proq qismi). Okean qa’ri relefi va tektonik strukturasining eng yirik elementlari — okean botiqlari va ularni ajratib turadigan turli tipdagi ko’tarilmalardir. Botiqlar Okean qa’rining eng katta qismini egallaydi; ularning o’rtacha chuqurligi 5 ming metr. Botiqlar tubi maydonining 80% i past-baland abissal tipdagi relef (nisbiy chuqurligi 500-1000 metr), qolgan qismi yassi va qiya abissal tekisliklardan iborat. Yassi abissal tekisliklar Okean qa’rining 10% dan kamroq yuzasini egallab, odatda, materiklarga yaqin botiqlarning chetlarida joylashgan. Ular birlamchi past-baland relefning materiklardan oqib kelgan cho’kindilar bilan ko’milishi natijasida paydo bo’ldi. Kiya tekisliklar botiqlar chetlarida ham bo’ladi va asta-sekin materik etagi tekisligiga qo’shilib ketadi. Yassi abissal tekisliklar va abissal past-balandliklar orasida alohida suv osti tog’lari (vulkanlar) ko’tarilib turadi. Tropik dengizlaridagi ko’pgina suv osti tog’larining usti marjon qurilmalaridan iborat. Okean qa’ridagi tog’lar palaxsa-palaxsa yoki gumbazsimon balandliklar bo’lib, bu tizmalarning tepalari ko’pincha vulkanlardan iborat.