Okeaniya tillari

Okeaniya tillari – avstronez tilyaariga mansub Malayziya-polineziya tarmog’ining Sharqiy tarmoqchasiga kiruvchi tillar. Okeaniya tillari taxminan 450 ta bo’lib, ularda 2,5 milliondan ortiqroq kishi so’zlashadi. Okeaniyaning Mariana orollaridan, yangi Gvineyadan Sharq tomonroqda joylashgan hududlarida tarqalgan. Okeaniya tillari shartli ravishda 21 guruhga, guruhlar esa guruhchalarga bo’linadi. Ko’pchilik Okeaniya tillarining fonologik tarkibi sodda; 3 qator portlovchi undoshlari: jarangsiz, jarangli va burun undoshlari mavjud bo’lib, hosil bo’lish o’rniga qarab 5 ga ajratiladi. Grammatik jihatdan Okeaniya tillari analitik tillarga mansub, har bir so’z turkumining o’ziga xos xususiyatlari bor. 19-asr va 20-asr boshlarida bir necha o’nlab Okeaniya tillari uchun lotin grafikasi asosida yozuvlar yaratilgan, lekin bu tillar ko’pincha adabiy til sifatida rivojlanmadi. Okeaniya tillarini o’rganish 19-asrda boshlanib, 20-asr 50-yillarida avj olgan bo’lsada, ularning ko’pchiligi amalda hanuz tavsif etilmagan.