O’Keysi (O’Kasey) Shon
O’Keysi (O’Kasey) Shon (1880.30.3, Dublin — 1964.18.9, Torki, Angliya) — irland yozuvchisi va dramaturgi. 1926 yildan Angliyada yashagan. O’tgan asrning 10-20-yillarida irland xalqining ingliz mustamlakachilariga qarshi inqilobiy kurashi qatnashchisi. «O’qchining soyasi» (1923), «Yunona va tovus» (1924), «omoch va yulduzlar» (1926) pesalari irland xalqining 20- asr boshidagi milliy ozodlik harakati voqealariga bag’ishlangan. Ilk asarlarining badiiy uslubida realistik va romantik tamoyillar o’zaro qo’shilib ketgan. «Yulduz qizarmoqda» (1940) pyesasi inqilobiy g’oyalar bilan sug’orilgan. «Uyimdagi ko’zgu» («tarjimai hol», 1 — 6-jild) epopeyasida (1939-54) qora xalq orasidan chiqqan kishining jahon madaniyati, ijodiyoti cho’qqilariga, ijtimoiy taraqqiyot uchun kurashga qadar bosib o’tgan yo’lini ko’rsatib bergan. «Episkop gulxani» (1995), «Ned otaning nog’oralari» (1958) pyesalarida Irlandiya katolik ruhoniylari rahbarlarini xajv qilgan. «Uchayotgan ari» (1937), «Yashil qarg’a» (1956), «guldor qalpoq ostida» (1963) kabi maqolalar va esselar to’plamlarida O’Keysi realizmning haqiqiy tarafdori sifatida modernizmga qarshi kurashib, realistik san’at printsiplarini qo’llab-quvvatlagan. Publisistik asarlari tinchlik uchun kurash ishiga xizmat qiladi.