Olamushuk adiri

Olamushuk adiri – Farg’ona botig’ining Janubiy-Sharqiy qismi (Andijon viloyati hududi)da joylashgan adir. Janub va Janubi-sharqda O’sh-Aravon adirorti botig’i, g’arbda Aravon — Shahrixon yoyilma konuslari orasida. G’arbda Andijon adiri bilan tutashgan, shimolda Qoradaryoga yaqinlashadi. Olamushuk adiri Janubi- g’arbdan shimoli-sharqqa 15 kilometr masofaga cho’zilgan, eni 300-700 metr, eng baland joyi 919 metr. Atrofidagi tekisliklardan 300-400 metrga ko’tarilgan, Janubiy-Sharqiy yon bag’ri tikroq. Yon bag’irlari ko’plab quruqsoylar va jarliklar bilan kesilgan. Tektonik jihatdan braxiantiklinal struktura. Paleogen, neogen va to’rtlamchi davr konglomerati, loytosh, qumtosh, qumoq jinslardan tashkil topgan. Ular quyi yerlarda qalin lyossimon jinslar bilan qoplangan, relefi tekisroq. Adirning quyi qismi to’rtlamchi davrda sodir bo’lgan yangi tektonik xarakatlar natijasida ko’tarilgan. Iqlimi qurg’oqchil, yozi issiq, yillik yog’in 20-300 mm. Tuprog’i bo’z tuproq. Rang, ko’ng’irbosh, shaytonkovush kabi o’simliklar o’sadi. Yovvoyi hayvonlardan qo’shoyoq, bo’rsiq, jayra, tulki, kalamush, kaltakesak, ilonlar va boshqalar uchraydi. Tabiiy boyliklardan neft, tabiiy gaz, oltingugurt bor. Olamushuk adiri yerlari yaylov sifatida ham foydalaniladi.