O’LAT
O’LAT, toun — odam va hayvonlarning o’tkir yuqumli karantin kasalligi. Odamda umumiy ahvolning og’irlashishi, intoksikatsiya, gavda haroratining ko’tarilishi, limfa bezlari, o’pka va boshqalar a’zolarda yallig’lanish, sepsis rivojlanishi bilan kechadi. Kasallik tez tarqalishi va ko’plab bemorlar nobud bo’lishi tufayli O’lat o’ta xavfli kasalliklar qatoriga kiritiladi. O’lat qadimdan ma’lum, uning epidemiyalari tez-tez uchrab turgan va ko’plab kishilarning o’limiga sabab bo’lgan. O’lat epidemiyalari tufayli ayrim hududlar butunlay bo’shab qolgan. Undan qutulish maqsadida boshqa joyga qochib ketgan odamlar yangi maskanda O’lat epidemiyasi tarqalishiga sabab bo’lganlar. Qo’zg’atuvchisi toun mikrobi — mayda tuxumsimon, harakatsiz. Tanasi yupqa parda bilan o’ralgan, u oddiy ozuqa muhitlarida, ayniqsa qon qo’shilgan muhitlarda yaxshi o’sadi. Ekzo va endotoksin ajratadi, tashqi muhitga va quritishga chidamli, tuproqda 7 oy, kiyim-kechakda 5— 6 oygacha tirik saqlanadi. O’lat mikrobi organizmga teri, shilliq qavatlar, yuqori nafas yo’llari va hokazo a’zolardan kirishi mumkin. Kemiruvchilar (yumronqoziq, qum sichqonlar, dala sichqonlari va aholi yashaydigan joylardagi kalamushlar), tuyalar, shuningdek, O’latning o’pka turi bilan og’rigan bemorlar kasallik qo’zg’atuvchilarining manbai hisoblanadi. O’lat mikrobi hayvondan odamga va odamdan odamga transmissiv yo’l bilan (masalan, burga chaqqanda), ba’zan kasal hayvon go’shtini nimtalaganda, shuningdek, ovqatga yaxshi tekshirilmagan go’sht ishlatilganda yuqadi. O’latning o’pka turi bilan og’rigan bemor sog’lom kishilar uchun ayniqsa xavfli, chunki u gaplashganida, aksirganida havoga O’lat tayoqchalarini tarqatadi. Inkubatsion davri bir necha soatdan 3-6 kungacha. Kasallik o’tkir boshlanadi, bemorning eti uvishib, boshi qattiq og’riydi, ko’pincha ko’ngli ayniydi, qayt qiladi, uyqusizlikdan qiynaladi, alahlaydi. O’latning o’pka turida o’pkaning yallig’lanishi (o’latli Zotiljam) kuzatiladi, bu yo’tal, qon aralash balg’am ajralishi, havo yetishmasligi bilan davom etadi. O’latning teribubon shaklida infektsiya kirgan joy bo’rtib, qon aralash suyuqlik tutgan pufakcha hosil bo’ladi, u keyinchalik so’rilib ketadi, shu sohaga yaqin limfa tugunlari shishadi (ya’ni bubon hosil bo’ladi). Ichak shakli kuchli ich ketishi, ba’zan axlatda qon va shilliq bo’lishi bilan kechadi. Septik shakli terida, shilliq pardalarda va turli a’zolarda qon quyilishi bilan ajralib turadi, bu odatda, og’irroq kechib ko’pincha o’lim bilan tugaydi. Oldini olish. Kasallik aniqlangan joyda karantin e’lon qilinadi. Zarurat tug’ilganda u yerda yashaydigan aholi O’lat vaktsinasi bilan emlanadi. Tabiiy o’choqda muntazam epizootik tekshiruvlar o’tkazish, aholi va hayvonlarni nazorat qilish, tirik vaktsina bilan emlash, dala va turar joylarda kemiruvchilar, burgalarni qirish va boshqalar tadbirlardan iborat. Bemor bilan muloqotda bo’lganlar va tibbiy xodimlar kasallik o’chog’i tugatilgandan so’ng 6 kun davomida tibbiy kuzatuv ostida bo’ladilar. Davolashda antibiotiklar qo’llaniladi. Hozirgi vaqtda vaktsinalardan foydalanish, kemiruvchilar va burgalarga qarshi kurash olib borish natijasida bu kasallik uncha xavf tug’dirmaydi. O’zbekiston Sog’liqni saqlash vazirligiga qarashli O’lat (toun)ga qarshi stantsiya har yili bahor yoz mavsumida kasallikning tabiiy o’choqlarida epizootiya oldini oladigan tadbirlar va laboratoriya tekshiruvlari olib boradi. Chorva mollarining O’lati qishloq xo’jaligi hayvonlarining eng xavfli yuqumli kasalliklaridan. Har xil taksonomik guruhlarga mansub maxsus viruslar (qoramol, cho’chqa, otlar O’lati, etxo’r parrandalar — qushlar O’lati viruslari), Mogshmgiz turkumiga kiruvchi viruslar yoki O’lat bakteriyasi qo’zg’atadi (tuyalar O’lati). Yuqori harorat, shilliq qavatlar, asosan, oshqozonichak yo’llari yallig’lanishi bilan tavsiflanadi. Kasallik manbai kasal hayvon. O’lat bilan kasallangan hayvon sog’ hayvon bilan birga boqilganda, kamdan kam zararlangan yem orqali yuqadi. Tashxis laboratoriya tekshiruvlari asosida qo’yiladi. Oldini olish: kasallik tarqalgan qo’shni mamlakat chegarasida immun zonani tashkil qilish; kasallik paydo bo’lganda karantin tadbirlari; kasal mollarni so’yish va go’shtini yoqib yuborish; qolganlarini emlash va sanitariya-veterinariya chora-tadbirlari o’tkazishdan iborat.