O’LIK TUG’ILISH

O’LIK TUG’ILISH — homilaning o’lik tug’ilishi; homiladorlikning 28-haftasidan keyingi davrlarda ro’y beradi, tug’ilgan bola biror marta ham nafas olmay nobud bo’ladi; bunda homilaning bo’yi 35 santimetr va vazni 1000 grammdan kam bo’lmaydi. O’lik tug’ilishga yashashga layoqatsiz homilaning tug’ilishi (kechikib bola tushishi) kirmaydi. Bir necha turi farqlanadi: antenatal O’lik tug’ilishda homila homiladorlikning 28-haftasidan boshlab tug’ruqqacha, intranatalda esa tug’ruq paytida o’ladi. Postnatal O’lik tug’ilishda homila yuragi uradiyu, ammo atmosfera havosidan nafas olmay nobud bo’ladi. O’lik tug’ilish ko’pincha surunkali infektsiyalar (toksoplazmoz, sil, zaxm va boshqalar), shuningdek, homiladorlik davrida o’tkir infektsion kasalliklar (angina, gripp, pnevmoniya) bilan og’rigan ayollarda, homiladorlik toksikozlari, yuraktomir sistemasi yetishmovchiligi oqibatida ona va homila qonining rezusfaktor jihatidan mos kelmasligi va boshqalarda kuzatiladi. Yirik (5 kilogrammdan ortiq) homila, tor chanoq, homila boshining noto’g’ri yotishi, tug’ruqning noto’g’ri boshqarilishi va boshqalar ham O’lik tug’ilishga sabab bo’lishi mumkin. O’lik tug’ilishning oldini olish uchun homilador ayollar doim vrach nazoratida bo’lishi, O’lik tug’ilish xavfi bo’lsa darhol uni aniqlash va oldini olish tadbirlarini amalga oshirish lozim.