Olmon adabiyotining asoschisi kim bo’lgan?

Iogann Volfgang Gyote (1749-1832) — buyuk olmon adibi, yangi zamon olmon adabiyotining asoschisi, ajoyib mutafakkir va olimdir. Uning ilk ijodi isyonkorlik g’oyalari bilan sug’orilgan edi. Shundan keyin Veymar klassisizmi deb ataladigan davr orqali Gyote badiiy ijodiyot, inson va jamiyatning o’zaro munosabatlari muammolarini realistik tarzda inkishof etish sari intildi. Mutolaasi chinakam huzur bag’ishlovchi «G’arbu Sharh devoni» degan lirik she’rlar to’plamida shoir hayotiy kechinmalarini butun to’laligicha aks ettiradi. Gyote ijodi zamonning muhim tamoyillari va ziddiyatlarini aks ettiradi. Pirovard falsafiy asari — o’z zamonasining ilmiy fikrlari bilan to’yintirilgan «Faust» tragediyasida (1808, u asar ustida yigirma to’rt yil ter to’kkan) Gyote hayotning mazmunini uning jonli harakatlarini kashf etgan ravishda gavdalantirib bergan. Gyotening «Faust»i — teran milliy drama. Xatti-harakatlar va mushohadalar yo’lida jirkanch olmon voqeligidagi loqaydlikka qarshi isyon ko’targan qahramon ruhiy mojarosining o’zi ham sof milliydir. «Faust» ustida ishlar ekan, Gyote dahosi kundan-kun ulg’ayib boradi. Gyotening barcha asarlariga asos qilib olingan buyuk nekbinlik, odamzot ertangi kunining yaxshiroq bo’lishiga cheksiz ishonch, — bularning bari ulug’ olmon shoirini bizning nazdimizda aziz va mukarram qiladigan fazilatlaridir. Bir paytlar Gyote, shoir, musavvir, odatda uning hayotdagi vazifalari ado etilgan damda dunyodan ko’z yumadi; yangi avlodlar urug’ sepishi uchun dalani vaqtida bo’shatib qo’ymoq kerak, degan edi. 1832 yilning 16 martida Gyote foytunda shahar atroflariga sayr qilishga chiqqan paytida shamollab qoladi. Ajal bilan olishuv azoblar changalida kechdi. Sovuq terga botgan keksa shoirga havo yetishmasdi. Garchand tili kalimaga kelmasada, hali ham ko’rsatkich barmog’i bilan adyolga allanimalarnidir yozganday bo’lar edi. 22 martda uning joni uzildi. 26 mart kuni Gyotening jasadi solingan tobut gertsoglar xilxonasida Shillerning turbati yonida tuproqqa topshiriladi. Ulug Gyotening asarlari jahon madaniyatiga zalvorli ta’sir ko’rsatdi va uning ruhbaxsh ta’siri hali ham bardavomdir.