Oltin baliq

Oltin baliq (Carassius auratus auratus) — tovonbaliq (karas)ning xonakilashtirilgan kenja turi. Dastlab Xitoy suv havzalarida 7-9-asrlarda tovonbaliqning sariq va qizil mutantlarini uzoq vaqt tanlash natijasida yetishtirilgan. Tovonbaliqdan sarg’ish tillarang tusi, qisqa va keng (sharsimongacha) tanasi, suzgichlarining tuzilishi bilan farq qiladi. Ko’p asrlar davomida olib borilgan selektsiya va duragaylash natijasida bir-biridan rangi, katta-kichikligi, gavdasi, boshi va suzgichlari shakli, ko’zining o’lchami va joylashgan o’rni, boshqa belgilari bilan farq qiladigan yuzlab zotlari yaratilgan. Oltin baliqning eng ko’p tarqalgan zotlari teleskop (ko’zlari bo’rtib chiqqan), sherbosh (boshida har xil o’simtalar bor), vual dum (dumi uzun, ikkiga ajralgan, tanasi kalta), diakin (dumi kapalakka o’xshash), kometa (dumi tanasidan 3-4 marta uzun) va boshqa zotlari ko’p boqiladi. Odatda, bahorda 3 mingtagacha tuxum qo’yadi. Oltin baliq ovqat tanlamaydi. Genetik va boshqa eksperimentlarda foydalaniladi. 35-40 yil yashaydi.