Oltin O’rda

Oltin O’rda, Jo’ji ulusi -13-asrning 40-yillari boshida Jo’jixonning o’g’li Botuxon (1238-1255) tomonidan asos solingan davlat. 1224 yil Jo’ji ulusi Xorazm, shimoliy Kavkazdan iborat edi. 1236-40 yillarda Botuxonning yurishlari natijasida Volga bulg’orlari yurti, Dashti Qipchoq, Qrim, G’arbiy Sibir, Oltin O’rdaga qo’shib olindi. Rus knyazlari Oltin O’rdaga qaram bo’lib, xiroj to’lab turganlar. Rus manbalarida bu davlat Oltin O’rda, Sharq manbalarida Jo’ji ulusi deb atalgan. Oltin O’rda markazi Botuxon davrida Quyi Volgada, saroy Botu edi. Berkaxon (1255-66) davrida saroy Berkaga ko’chirildi. Oltin O’rda oldin mo’g’ul qooniga qaram bo’lib, Botuning inisi Berka davrida mustaqillikka erishdi. Saroy Botu, Saroy Berka, Urganch, Sudak, Qofa (Feodosiya), Azoq savdo markazlari edi. Oltin O’rdani xon boshqargan. Zarurat tug’ilganda qurultoy chaqirilgan. Davlat ishlari bilan Beklarbegi shug’ullangan. Devon ishlarini vazir boshqargan. Soliq yig’ish dorug’a ixtiyorida bo’lgan. Zarur paytlarda bosqoqlar jo’natilgan. Yana quyidagi mansab va amallar bo’lgan: al- paut (zodagon), tuman, tumanbegi, elchi, bosqoq, devon bitikchisi, tamg’ach (boj yig’uvchi), tirnoqchi (tarozi-bon), shusunchi (ta’minotchi), yurtchi (me’mor), yo’l arachi (yo’l noziri), Tutqovul (qorovul), ko’pirchi, kemachi, Yomchi, ovchi. Qo’shinlarga tumanbegi, no’yon (Amir), yuzboshilar qo’mondonlik qilganlar. Oltin O’rda Jo’jining 14 nafar o’g’lining 13 ulusidan iborat edi. Ular o’z uluslarini mustaqil boshqarishga intilganlar. Mustaqillik harakati mangu Temur (1266-82) vafotidan keyin kuchaydi. Tuda Mangu (1282-87), Talabug’a (1287-91) xonliklari davrida tumanbegi No’g’ayning nufuzi ko’tarildi. 5 yil oradan o’tgach, yana isyon ko’tarildi. Unga O’zbekxon (1312-42) barham berdi. U va vorisi Jonibek (1342-57) davrlari Oltin O’rda harbiy salohiyatining eng kuchaygan davri bo’ldi. Hokimiyat markazlashdi. Uluslar viloyatlarga aylantirildi, ularni amirlar boshqargan; qurultoylar chaqirilmay qo’ygan. O’zbekxon davrida Oltin O’rda qurolli kuchlari 300 mingga yetgan. Lekin, ichki ziddiyatlar 1357 yil Jonibekxonning o’ldirilishi bilan yana yuzaga chiqdi. Shundan 1380 yilgacha 25 marta xon almashdi. 14-asrning 60-yillarida Xorazm mustaqil davlat bo’lib ajralib chikdi. Polsha va Litva davlati Dnepr daryosi havzasini bosib oldi. Hojitarxon (Astraxon) xonligi tashkil topdi. Faqat To’xtamish davri (1380-95) ga kelib isyonlar to’xtadi. 1382 yil u Moskvani egallab, o’t qo’ydi. Movarounnahrga tahdid sola boshladi. Amir Temurning 1389, 1391, 1395-96 yillari To’xtamishga qarshi yurishlari Oltin O’rdani holdan to’ydirdi. Idiqu Oltin O’rdani tiklashga harakat qildi, natija bermadi. 15-asrning 20-yillarida Sibir xonligi, 40-yil No’g’ay O’rda, 1438 yil Qozon xonligi, 1443 yil Qrim xonligi, 60-yillarda qozoq xonligi tashkil topdi. 1480 yil Ahmad Rusni bo’ysundirishga urindi. 16-asr boshlarida Oltin O’rda quladi. Ad.: Grekov B.D., Yakubovskiy A.Yu., Oltin O’rda va uning qulashi, T., 1964; Safargaliev M. G. Raspad Zolotoy Ordi, Saransk, 1960; Rizaetdin Faxretdin, Xani Zolotoy Ordi, Kazan, 1995 Naim Norqulov.