Oltin standart

Oltin standart — mamlakatning pul va valyuta munosabatlarini oltindan pul tovari sifatida foydalanish asosida tashkil qilish shakli. Oltin standart oltin tanga, oltin yombi va oltin deviz (oltin valyuta) turlariga bo’linadi. Oltin tanga standart eng barqaror pul tizimi bo’lib, inflyatsiyani istisno etadi, chunki ehtiyojdan ortiq oltin tangalar muomaladan olinib xazinaga aylanadi. Oltin standartni 1821 yilda Angliya banki boshlab berdi. Bu tizim huquqiy jihatdan 1867 yilda Parij konferentsiyasida davlatlararo bitim bilan rasmiylashtirildi. Milliy valyuta kursi oltinga qat’iy bog’liq bo’lib, valyutaning oltin tarkibi orqali qat’iy valyuta kursi bo’yicha bir-biri bilan o’zaro muvofiqlashtirilgan. Ularning oltin pariteti valyutalarda rasmiy belgilangan oltin mikdoridan kelib chiqqan holda aniqlanib, valyutalar bevosita oltinga ayirboshlanar edi. Oltin tangalar cheklovlarsiz muomalada bo’lgan va zarb qilingan, qog’oz pul oltin tangalarga erkin almashtirilgan, narxlar oltinda hisoblangan. 1-jahon urushi davrida deyarli barcha mamlakatlarda qog’oz pullarga oltin almashtirish to’xtatildi, muomaladagi oltin tangalar muomaladan chiqarildi. 20-asrning 20-yillaridan ayrim mamlakatlarda (xususan, AQSh va Buyuk Britaniyada) oltin yombi standart joriy etildi, bunda banknotlar 12,5 kilogrammgacha bo’lgan oltin yombilarga almashtirilgan, buning uchun esa bankka katta pul miqdorini taqdim etish lozim bo’lgan. Boshqa mamlakatlarda kredit pullarini dastlab oltin yombi standarti mamlakatlari valyutalaridagi devizlarga so’ngra oltinga almashtirish tartibi paydo bo’ldi va Oltin standartning bu shakli oltin deviz standart nomini oldi. Bu shaklda bir mamlakat valyutasi boshqa mamlakatlar vositasiga bog’liq qilib qo’yiladi. 2-jahon urushidan keyin Bretton — Vuds valyuta tizimi shakllandi va oltin deviz standart faqat Markaziy banklar uchun saqlab qolindi. Oltin jahon puli sifatida Yamayka shartnomasi (1976) imzolanishiga qadar muomalada bo’lgan. Abdurahmat Boymurodov.