Olimpiya shon-shuhrati muzeyi

Olimpiya shon-shuhrati muzeyi — O’zbekistonda olimpiada harakati va sport yutuqlarini targ’ib qiluvchi markaz. 1996 yil 1 sentabrda Toshkentda ochilgan. Osiyo qit’asida birinchi tashkil qilingan Olimpiya muzeyi. Ochilishida Xalqaro Olimpiada qo’mitasi(XOQ)ning Prezidenti X.A.Samaranch ishtirok etgan. Muzeyning vazifasi: Olimpiya g’oyalarini targ’ib qilish bilan birga respublikada jismoniy tarbiya, sport, sayohat va xalq milliy o’yinlarini yuksaltirish, shuningdek, O’zbekiston sportchilarining jahon miqyosidagi nufuzini mustahkamlash ishiga ko’maklashish. Muzeyda 11 mingdan ziyod eksponatlar: turli buyumlar, ashyolar, rasmlar, yorlikdar va musobaqalarning g’oliblariga berilgan kuboklar, medallar, nishonlar mavjud. Ular AQSh, Ispaniya, Shveytsariya va boshqa xorijiy davlatlardan olib kelingan. Muzeyning 1-qavatida noyob eksponatlar joylashtirilgan. Prezident I. Karimovning muzeyga sovg’alari ham bor. Bular xalkaro sportni rivojlantirishga qo’shgan hissasi uchun O’zbekiston Prezidentiga XOQ Prezidenti topshirgan Olimpiada oltin ordeni, Osiyo olimpiada Kengashining Olimpiada oltin ordenidir. Shuningdek, bu yerda xalqaro havaskorlar kurash federatsiyasining «Oltin marjoni», professional boks bo’yicha 16 karra jahon chempioni A. Grigoryanning chempionlik oltin kamari, gulchambari va medallari, olimpiada o’yinlari vaqtida tayyorlangan turli medallar va nishonlar bor. Muzeyning 2-qavatida Olimpiada o’yinlari o’tkazilgan yillar xronologik tarzda berilgan bo’lib, ularda ishtirok etgan o’zbekistonlik sportchilarning kiyimlari, asbob-anjomlari, suratlari, mukofotlari bilan tanishish mumkin. O’zbekiston mustaqilligi yillarida sportchilari-mizning jahon, Yevropa birinchiliklari, Osiyo, Markaziy Osiyo o’yinlari, Toshkent va xorijiy mamlakatlarda o’tkazilayotgan turli xalqaro turnirlarda erishgan yutuqlari, qo’lga kiritgan sovrinlari muzey eksponatlarining asosini tashkil etadi. Amaldagi ekspozitsiyalar muntazam yangi eksponatlar bilan to’ldirib turiladi. Muzey vidiokassetasi tasmalariga eng qiziqarli musobaqalar tasviri yozilgan. Olimpiya shon-shuhrati muzeyida O’zbekistonda jismoniy tarbiya va sport tarixiga oid hujjatlar fondi yaratilgan. Bu yerda muhim sport tadbirlari o’tkazilib turiladi.