Oltinko’l tumani

Oltinko’l tumani — Andijon viloyatidagi tuman. 1939 yilda tashkil etilgan. 1963 yilda Andijon tumaniga qo’shilgan. 1978 yil qaytadan tashkil qilindi. Andijon, Asaka, Shahrixon va Baliqchi tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 0,21 ming km2. Aholisi 133,5 ming kishi (2003). Oltinko’l tumanida 8 qishloq fuqarolar yig’ini (Jalabek, Ko’makay, maslahat, Oltinko’l, Oraziy, Oxunboboev, Suvyulduz, Qo’shtepasaroy) bor. Markazi — Oltinko’l qishlogi. Tabiati. Oltinko’l tumani relefi pasttekislik, qir va adirlardan iborat. Iqlimi keskin kontinental. Iyulning o’rtacha temperaturasi 25-28°, yanvarniki — 5-7° atrofida. Ayrim hollarda yoz oylarida temperatura 42— 43°, yanvarda esa -15, -18° sovuq bo’lishi kuzatiladi. Vegetatsiya davri 160-180 kun. Yiliga o’rtacha 225 mm yog’in tushadi. Oltinko’l tumani janubida katta Farg’ona kanali, shimoliy tomonidan Qoradaryo, bulardan tashqari, tuman hududidan tumanlararo Kollektor—Asaka tashlamasi, Ulugnor kanali oqib o’tadi. Tuman adir qismining tuprog’i arziq, qolgan yerlarda bo’z tuproq. Bahorda adirlar efemer o’simliklar bilan qoplanadi. Ekin ekilmaydigan erlarda shuvoq-sho’ra o’sadi. Yovvoyi hayvonlar kam uchraydi, sudraluvchilar, kemiruvchilar, qushlar bor. Aholisi ning aksari qismi o’zbeklar; rus, tojik, uyg’ur, tatar va boshqa millat vakillari ham bor. 1 km2 ga 636 kishi to’g’ri keladi. Aholining barchasi qishloqda yashaydi (2003). Xo’jaligi. Tuman xo’jaligi qishloq xo’jaligiga ixtisoslashgan. Paxtachilik, pillachilik, chorvachilik bilan shug’ullaniladi. Sanoati asosan, yengil sanoat korxonalaridir. Paxta tolasi, chigit xom ashyosi, trikotaj matosi va mahsulotlari, mebel, ohak, g’isht ishlab chiqariladi. «Oltin-Deri», «Etalon-Plyus», «Kezar-Tur» qo’shma korxonalari, 992 kichik va shirkat korxonalar, 8 yoqilg’i qo’yish shoxobchalari, 70 dan ortiq savdo shoxobchalari bor. Oltinko’l tumanida 15 shirkat xo’jaligi, 79 fermer xo’jaligi, xususiy ferma, 24140 dehqon xo’jaligi mavjud. Umumiy ekin maydoni 13961 gektar, chorvachilikning asosiy tarmoqlari shirkat xo’jaliklarida joylashgan. Tuman jamoa va shaxsiy xo’jaliklarida 21,2 ming qoramol (shu jumladan, 8,5 ming sigir), 23,3 ming qo’y va echki, yuzga yaqin ot bor (2003). 36 umumiy ta’lim, 15 tayanch maktablarida 35,4 ming o’quvchi, 3 ixtisoslashgan Internat-maktabda 875 o’quvchi ta’lim oladi, shuningdek, 2 musiqa va san’at maktabi faoliyat ko’rsatadi. Iqtisodiyot, sanoat, maishiy xizmat kasb-xunar kollejlarida 1807 o’quvchi ta’lim olmoqda. Markaziy kutubxona, uning 22 ta tarmog’i (19 qishloq kutubxonasi, 3 bolalar kutubxonasi, kitob fondi 363 ming asar), 7 madaniyat uyi, madaniyat va istirohat bog’i ishlab turibdi. 2 kasalxona (440 o’rin), 4 poliklinika, 28 feldsher-akusherlik, 18 qishloq vrachlik punktlari, 9 dorixona va boshqa tibbiy muassasalarida 173 vrach, 976 o’rta tibbiy xodim ishlaydi. 1979 yil 1 yanvardan «Oltinko’l» tuman gaz.etasi nashr qilinadi (adadi 2442).