OMBUDSMAN

OMBUDSMAN (shvedcha ombudsman – biron kishi manfaatlarining vakili) — turli xil ma’muriy organlar, ba‘zi mamlakatlarda esa, xususiy shaxslar va birlashmalarning inson huquqlariga rioya etishini nazorat qilish uchun maxsus saylab (tayinlab) qo’yiladigan mansabdor shaxs. Ombudsman nazoratni amalga oshiradi va prokuraturadan farqli ravishda nafaqat qonuniylik, balki shu bilan birga samaradorlik, maqsadga muvofiqlik, adolatparvarlik nuqtai nazaridan ham tekshirish olib boradi. Bu xildagi mansabdor shaxslar har xil nom bilan ataladi: Skandinaviya mamlakatlarida – Ombudsman; Ispaniya va Kolumbiyada – xalq himoyachisi; Fransiyada – vositachi, Ruminiyada – xalq advokati va shu kabilar. Ombudsman turli yo’llar bilan saylanishi yoki tayinlanishi mumkin. Ispaniyada u parlament tomonidan 5 yilga saylanadi, Namibiyada prezident tomonidan, Fransiyada Vazirlar kengashining dekreti bilan tayinlanadi. Aksariyat ko’pchilik mamlakatlarda har bir fuqaro Ombudsmanga bevosita murojaat qilishga haqlidir. Ombudsman kamchilik yoki suiste‘mollarni aniqlab, tegishli organ yoki mansabdor shaxsga ko’rsatadi va ularni bartaraf etishni taklif etadi. O’zbekiston Respublikasida Ombudsman faoliyatining huquqiy asoslari «Oliy Majlisning Inson huquqlari vakili (ombudsman) to’g’risida» O’zbekiston Respublikasining qonuni (1997-yil 24-aprel)da belgilab berilgan. Mazkur qonunga ko’ra, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo’yicha vakili (ombudsman) – mansabdor shaxs bo’lib, unga O’zbekiston Respublikasida davlat organlari, fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalari va mansabdor shaxslar tomonidan inson huquqlari to’g’risidagi amaldagi qonun hujjatlariga rioya etilishining samaradorligi ustidan parlament nazoratini ta‘minlash vakolatlari berilgan. Vakil o’z faoliyatida O‗zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi, qonunlari, boshqa qonun hujjatlariga, O’zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga, shuningdek, xalqaro huquqning umum e’tirof etgan prinsiplari va normalariga asoslanadi. Vakil o’z vakolatlarini mustaqil hamda davlat organlari va mansabdor shaxslarga tobe bo’lmagan tarzda amalga oshiradi va O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga hisob beradi.