Ontologiya
Ontologiya (Yunoncha ontos — borliq va … logiya) — falsafa bo’limi, borliq haqidagi ta’limot. Borliqning umumiy asoslari, printsiplari, uning shakllari va qonuniyatlarini tekshiradi. «Ontologiya» terminini nemis faylasufi R. Goklenius fanga 1613 yil kiritgan, X. Volf (1679— 1754) o’z darsligida qo’llagan bo’lsada, dastlab yunon faylasuflari uning turli talqinlarini bayon etganlar. Ular Ontologiyani haqiqiy borliqni nohaqiqiy mavjudlikdan ajratib oluvchi borliq haqidagi ta’limot, deb hisoblashgan. Eleya maktabi namoyandalari hissiy dunyoning aldamchi ko’rinishini haqiqiy borliqqa qarama-qarshi qo’yib, Ontologiyani mangu o’zgarmas, yagona, sof borliq haqidagi ta’limot sifatida qo’llashgan. Milet maktabi vakillari va Ioniya faylasuflari dastlabki borliqning sifatiy talqini haqida bosh qotirishgan. Ulardan borliqning boshlanishida yotuvchi bunday asosni empedokl «stixiya», Demokrit «atomlar», Anaksimandr «apeyron», Anaksagor «urug'» deb atagan. Platon g’oyalar Ontologiyasini, Aristotel empirizm Ontologiyasini yaratdi. O’rta aerlar falsafasida Ontologiya ilohiyot bilan chambarchas bog’lanadi. Sharq falsafasida Ontologiya ko’proq ilohiy borliqning, Xudoning mohiyatini aks ettiruvchi ta’limot tarzida, Sharq panteistik falsafasida vahdati mavjud va vahdati vujud ko’rinishidagi ta’limotlar shaklida paydo bo’lgan. Falsafada Ontologiya monistik, dualistik va plyuralistik kontsepsiyalar shaklida ham uchraydi. Yangi davr falsafasida dualistik Ontologiya namoyandasi R. Dekart bo’lgan. O’z falsafasining asosiga «monada» — «ilohiy atomlar»ni qo’ygan V. G. Leybnis falsafasi — plyuralistik Ontologiyaga mansubdir. Bu kontsepsiya bo’yicha olamning asosida bir qancha mohiyat yotishi mumkin. Shunday kontseptsiya empiriokritisizmda ham uchraydi. R. Avenarius, E. Max borliqning asosida sezgilar majmui yotadi, deb hisoblaydi. Hozirgi zamon falsafasida Ontologiyaning mazmuni yanada boyigan. Bu borliq haqidagi tasavvurlarning rivojlanishi bilan bog’langandir. Ma’lumki, borliqni mexanistik, metafizik va materialistic talqin etishda u moddiylik bilan, actual mavjudlik bilan, reallik bilan aynanlashtirib qo’yilgan edi. Borliq aslida barcha narsa va hodisalarni, ilgari mavjud bo’lgan, hozir mavjud bo’lib turgan va kelajakda mavjud bo’ladigan realliklarni, moddiylik va ma’naviylikni, modda va g’oyani ham o’ziga qamrab oladi. Ad.: Falsafa. Ma’ruzalar matni, T., 2000. Baxtiyor To’rayev.