O’PKALI MOLLYUSKALAR
O’PKALI MOLLYUSKALAR — korinoyokli mollyuskalar kenja sinfi. Chig’anog’ining balandligi 0,6—2,0 millimetr. Ayrim turlari chig’anog’i teshigining atrofida tishsimon o’simtalari bor; oyog’i chig’anoq ichiga tortilganida o’simtalar mantiya chetidagi yumshoq to’qimaga tegib, undan shilimshiq suyuqlikni siqib chiqaradi; suyuqlik havoda qotib, chig’anoq teshigini bekitadi va mollyuska tanasini qurib qolishdan saqlaydi. Jabralari bo’lmaydi. Mantiya bo’shlig’i yuzasi o’pka vazifasini bajaradi. 2 turkumi (o’troqko’zlilar va poyachali ko’zlilar), 100 ga yaqin oilasi, 30000 dan ortiq turi bor. Quruqlikda yashaydi yoki ikkilamchi tarzda suvda yashashga o’tg’an. Germafrodit, ko’pchiligi spermatomorf hosil qiladi; ayrim turlari tirik tug’adi. Quruqlik O’pkali mollyuskalar ohak po’choq bilan qoplangan tuxumlarini pana joyga, suvdagi O’pkali mollyuskalar maxsus kapsulaga o’ralgan tuxumlarini suv o’simliklari va toshlarga yopishtirib qo’yadi. O’zgarishsiz rivojlanadi. O’simlikxo’r, ba’zi turlari yirtqich. Chuchuk suvda yashovchi turlari baliklar ozig’i, quruqlikdagi O’pkali mollyuskalar o’simlik maysalarini yeb, ziyon keltiradi. Ko’pchilik turlari gelmintozlarni tarqatadi; ayrim O’pkali mollyuskalar (tok shilliq qurti) iste’mol qilinadi. O’zbekistonda 100 dan ortiq turi, jumladan, quruqlikda yashovchi shilliqlar, suvlarda chuchuk suv shilliqlari tarqalgan.