Oq qo’yunli

Oq qo’yunli, oq qo’yunlilar, oq qo’yli — 1) turk-o’g’uz qabilalarining Dajla daryosining yuqori oqimi bo’ylarida 14-15-asrlarda tashkil topgan birlashmasi; 2) ushbu birlashmaga rahbarlik qilgan yetakchi qabila — boyondurlardan chiqqan sulola; 3) aynan shu birlashma tomonidan 15-asr boshida barpo etilgan davlat. Uzun Hasan davrida (1453-78) Oq qo’yunli o’zlarining asosiy dushmanlari — Qora qo’yunlilar davlatini tor-mor etganlar (1468). Armaniston, Ozarbayjon, Arab Iroqi va G’arbiy Eronni egallab, Tabriz shahrini poytaxt qilishgan. Uzun Hasan Usmonli turk saltanati bilan muvaffaqiyatsiz urushlar olib borgan. Shuningdek, Gruziya bilan ham urushgan (1477). 1489-97 yillarda soliq islohoti o’tkazishga harakat qilingan, lekin u mulkdorlarning qarshiligiga uchragani sababli natijasiz tugagan. 16-asr boshida Oq qo’yunli davlati Ismoil I Safaviy boshchiligidagi qizilboshlilar tomonidan tor-mor etilgan; 4) o’zbeklar va qoraqalpoqlar tarkibiga kirgan urug’ nomi. Oq qo’yunli etnonimi 20-asr boshlarigacha o’zbek-qo’ng’irotlar, shuningdek, Zarafshon vodiysida yashovchi qoraqalpokutr tarkibida saqlanib qolgan.