Oqjar neft va gaz koni
Oqjar neft va gaz koni -Buxoro viloyati Qiziltepa tumanidagi kon. 1959-62 yillarda konda razvedka ishlari olib borilgan. 1964 yil neft va 1966 yil gaz olina boshlandi. Kon yura, bo’r, paleogen va neogen davrlari jinslaridan tarkib topgan. Neft va gaz yura — bo’r davrlari jinslari orasida. Yura davri jinslari kulrang qumtosh, alevrolit, gil, angidrit, mergel va gilli oxaktoshlardan, bo’r davri jinslari esa qo’ngir, qizil, Ko’kimtir, kulrang qumtosh, alevrolit va gildan iborat. Bu jinslarning umumiy qalinligi 120— 550 metr. Paleogen davri jinslari sarg’ish ohaktosh va ko’k gil qatlamlaridan tuzilgan. Umumiy qalinligi 35 metr. Gorizontlarning uzunligi 840 metrgacha, eni 330-2000 metr, balandligi 8-160 metr, umumiy qalinligi 7,4—167 metr, mahsuldor qatlam qalinligi 1,3—47 metr; jinslarning g’ovakligi 7,25—26%, o’tkazuvchanligi 22-913 millidarsi. Gaz tarkibida 94,6% metan, 3,2% azot, neft tarkibida 1,57% oltingugurt, 0,68% asfalten, 5,16% parafin bor.