Oqoltin tumani

Oqoltin tumani – Sirdaryo viloyatidagi tuman. 1971 yil 29 avgustda tashkil etilgan. Shimoldan Qozog’iston Respublikasi, shimoli-g’arbdan Jizzax viloyatining Mirzacho’l, Janubi-g’arbdan Do’stlik tumanlari, Janubdan viloyatning Sharof Rashidov, shimoli-Sharq, Janubi-sharkdan Mirzaobod va Mehnatobod tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 0,57 ming km2. Aholisi 51,3 ming kishi (2003). Oqoltin tumanida 6 qishloq fuqarolar yig’ini (Andijon, Bo’ston, Sardoba, Farg’ona, Shodlik, g’alaba) bor (2003). Markazi — Sardoba qishlog’i. Tabiati. Relefi, asosan, tekislik bo’lib, Mirzacho’l dashtidan iborat. Tuproqlari turli xil bo’z tuproq. Ba’zi xo’jaliklarda yer osti suvlari yuza, bu yerlarda sho’rxok tuproqlar tarqalgan. Sho’rlanishga qarshi ochiq va yopiq kollektorlar qurilgan. Yerlar Janubiy Mirzacho’l kanali va Markaziy tarmoq kanalidan sug’oriladi. Iqlimi keskin kontinental. Qishi sovuq. Kuchli sovuq shamollar esadi. Yanvarda temperatura -15°, -20°gacha pasayadi. Yozi issiq, iyulda o’rtacha temperatura 30°. Ahyon- ahyonda garmsel esadi. Garmselga qarshi daraxtzorlar barpo qilinmoqda. Bahor seryog’in. Mart, aprelda yillik yog’inning 70% yog’adi. Yovvoyi o’simliklardan, yantoq, shuvoq, yulg’un, oqbosh, tuyaqorin va boshqalar o’sadi. Yovvoyi hayvonlardan bo’ri, chiyabo’ri, ondatra, quyon, tulki, yumronqoziq, toshbaqa, turli xil ilonlar, kaltakesaklar; qushlardan cho’l burguti, kalxat, boyo’g’li, gurrak, popishak, so’fito’rg’ay, bulbul, zog’cha, tog’maynasi va boshqalar bor. Aholisi, asosan, o’zbeklar, shuningdek, qozoq, tojik, rus, tatar va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 km2 ga 90 kishi (2003). Xo’jaligi. Paxtachilik tuman xo’jaligining asosiy tarmog’idir. Tumanda jami yer maydoni 36,9 ming gektardan ziyod. Shundan 19,9 ming gektar yerga paxta, 14,1 ming gektar yerga donli ekinlar, shuningdek, sabzavot va poliz ekinlari, beda ekiladi, mevazor, tokzor va tutzorlar bor. Krramol boqiladi, pilla yetishtiriladi. Tumanda paxta tozalash korxonasi, 22 umumiy ta’lim maktabi, 3 kollej, kutubxonalar, klublar, Markaziy kasalxona, poliklinika va boshqa tibbiy muassasalar mavjud.